2019-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilinadi va davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi o‘rnatiladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘chmas mulkni ijaraga bermoqchi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘zlariga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar yoki noturar mulklarini ijaraga berishda ikki tomonlama ijara shartnomasi tuzishi va shartnomani davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishi shart.
Ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish ikkita usulda:
Davlat soliq qo‘mitasi saytidagi “Ijara shartnomalarini hisobga olish” interaktiv xizmati orqali;
Jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyidagi davlat soliq inspeksiyalarida belgilangan shakldagi so‘rovnomani taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish uchun so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
Ijara shartnomasi;Jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat.
Ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan ko‘chmas mulkni ijraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha dastlabki deklaratsiyani taqdim etish talab etilmaydi.
Shartnomani hisobga qo‘yish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.
Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibiga rioya etmaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasiga asosan eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Izoh (0)