Bugun, 23- oktabr kuni Xitoy janubida Gonkong, Makao va Guandun provinsiyasining Chjuxay shahrini bog‘laydigan, 55 kilometrlik dunyodagi eng uzun dengiz ko‘prigi rasmiy ravishda ochildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Xitoy markaziy televideniyesi xabar berishicha, ochilish marosimi XXR raisi Si Szinpin, Gonkong ma’muriyati rahbari Kerri Lam, XXR Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xan Chjen, Guandun provinsiyasi partiyasi qo‘mitasi kotibi Li Si va taxminan 700 nafar mehmon ishtirokida Chjuxay shahrida bo‘lib o‘tdi.
Gongkong va Guandun provinsiyasini ko‘prik bilan bog‘lash g‘oyasi 1980-yillar oxirida paydo bo‘lgan, ammo yigirma yildan ko‘proq vaqt mobaynida ehtimoliy loyihalardan biri bo‘lib qoldi. 2003-yilda Xitoy markaziy hukumati loyihani oldindan hisoblash va ishlab chiqish haqida ko‘rsatma berdi.
Ko‘prik qurilishi 2009-yil dekabr oyida boshlandi. U 2016-yilda tugallangan bo‘lishi kerak edi, biroq ko‘plab omillar, jumladan, korrupsiya, byudjetni qayta ko‘rib chiqish, yo‘l-transport hodisalari, baxtsiz hodisalar va noqulay ob-havo sharoitlari bunga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, 24-oktabr kuni Gongkong, Makao va Chjuxay aholisi yangi transport yo‘lining afzalliklariga baho berishlari mumkin bo‘ladi, u Gongkongdan Chjuxaygacha masofani uch soatdan 30 daqiqagacha qisqartiradi.
Loyiha muhandislari murakkab tuzilmani yaratishdi, u umumiy uzunligi 22,9 kilometr bo‘lgan suv ustidagi ko‘prikning bir necha qismi, 6,7 kilometrlik suv osti tunneli, bir necha sun’iy orollar, shuningdek, maxsus chegara nazorat-o‘tkazish punktlaridan iborat.
Po‘lat ko‘prikning og‘irligi 400 ming tonnani tashkil etadi. U 120 yilgacha xizmat ko‘rsatishi kerak va soatiga 300 kilometrdan ko‘proq shamol tezligiga ega juda kuchli to‘fon hamda 8 magnitudali zilzilaga bardosh beradi.
Izoh (0)