O‘zAda jurnalist Mirzohid Jo‘rayevning “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi xo‘jako‘rsinga o‘tkazib kelinayotgani haqidagi maqolasi chop etildi. Quyida ushbu maqola e’tiboringizga havola etiladi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi mamlakatimizdagi tadbirkor, fermer va hunarmandlar uchun so‘zsiz eng yuqori darajadagi tanlov hisoblanadi. Chunki asosiy yutuqqa Prezident sovrini – Spark avtomobili qo‘yilgan.
Aslida gap mukofotning qiymatida ham emas, davlat rahbari tomonidan tanlov ishtirokchilariga qaratilayotgan yuqori e’tiborda. Shu orqali yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z faoliyatida ilg‘or natijalarga erishayotgan ishbilarmonlarni munosib rag‘batlantirish, ularni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga undash bosh maqsad qilingan. Ko‘rik-tanlovni o‘tkazayotganda ham shu jihatlar hisobga olinishi, u yuqori saviyada tashkil etilishi shart. Qatnashchilarning esa eng yuqori o‘rinlar uchun halol raqobatlashishiga, g‘oliblarni aniqlashda xolislik va haqqoniylikni ta’minlashga keng sharoit yaratilishi darkor.
Shanba kuni viloyatda yakunlangan tanlovning tuman (shahar) bosqichida bunga qay darajada e’tibor berildi? Unda mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan, siyosiy yetuk tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar, jumladan, yoshlar ishtiroki to‘laqonli ta’minlandimi? “Tashabbus-2018” ko‘rik-tanlovining Qarshi tumani bosqichini bevosita kuzata turib, bu yerdagi haqiqiy ahvol biroz boshqacha ekaniga guvoh bo‘ldik. Tashkilotchilar “tanlov o‘tdimi-o‘tdi” qabilida ish tutgani bilinib qoldi.
O‘zi yo‘q, ammo hakamlar ro‘yxatida bor
Yashirmayman, bu kabi tanlovlar biz, jurnalistlar uchun ko‘p jihati bilan qiziq. Negaki bunday tadbirlarda ko‘plab ishbilarmonlar qatnashadi. Ularning har qaysisi faoliyati bir maqolaga mavzu bo‘ladi. Yaxshi, ilg‘or tadbirkorni nima uchun barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatmaslik kerak? Bu imkoniyatdan foydalanmaslik esa noto‘g‘ri bo‘lardi. Odatimizga ko‘ra tadbirni yoritish uchun tumanga bordik. Uni o‘tkazish uchun hududdagi bolalar musiqa va san’at maktabi tanlangan. Ta’lim muassasasi foyesida ko‘rgazma tashkil etilgan. 10-12 nafar atrofidagi qatnashchi maxsus ajratilgan stendlarda o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Tabiiyki, bu biz kutgan raqam emas. Ularning soni bundan ham ko‘proq bo‘lishiga umid qilgandik. Sababi, joriy yildan asosiy nominatsiyalar avvalgi 3 tadan 5 tagacha oshirildi. Bu degani, har bir nominatsiyaga uchtadan o‘rin berilsa ham, jami 15 ishtirokchi taqdirlanishi lozim. Albatta, bu qo‘shimcha nominatsiyalarsiz.
Ko‘rinadiki, mavjud qatnashchilar bilan tanlov xolis va haqqoniy o‘tadi, halol raqobat ta’minlanadi, deyish qiyin. Hech bo‘lmaganda, bitta nominatsiya g‘olibligi uchun kamida 5-6 nafar da’vogar kurashishi kerak. O‘shandagina tanlovning adolatli o‘tishiga ishonsa bo‘ladi. Raqib ko‘pligini ko‘rgan tadbirkor yo fermer hamda hunarmand shunchaki bamaylixotirlikka berilmaydi. Jiddiy yondashadi, tayyorgarlikni ham shunga yarasha qiladi. O‘zini ko‘proq yaxshi tomondan ko‘rsatish payida bo‘ladi. Raqobatchi bo‘lmagach, biror o‘rin naqd ekanini elburundan bilsa-chi? Bu holda kamsonli ishtirokchilardan tashabbuskorlik, ilg‘orlik kutib bo‘ladimi?
Shunisiga ham shukur deb, fursatni qo‘ldan boy bermay, darhol ishbilarmonlar bilan suhbatlashishga, fakt yig‘ishga kirishdim. Deyarli barcha qatnashchi haqida ma’lumot to‘plashga ulgurdim. Hayron qoldirgani shuki, Qarshi tumanidek qishloq xo‘jaligi rivojlangan hududda o‘tkazilayotgan tanlovda faqat bir fermer turibdi, xolos. Tadbirda boshqa birorta fermerga duch kelmadim. “Birinchi o‘rin naqd ekan-da?”, deya bergan savolimga xo‘jalik raisi: “Aftidan shunga o‘xshaydi”, deya javob qaytardi. Birinchi marta qatnashishi ekanini aytdi va bunday bo‘lganidan uning o‘zi ham ajablandi. Bilsak, hamma maynavozchilik keyin bo‘lgan ekan.
Tadbirga keldimmi, demak, gazeta sonlariga uning axborotini ham tayyorlashim kerak. O‘z-o‘zidan ma’lumki, unda tanlov g‘oliblarini ko‘rsatib o‘tishim darkor. Kim viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi, kimga omad yetishmadi, barchasi haqida aytilishi lozim. Qoidaga ko‘ra, tanlov bo‘lib o‘tgani, g‘olib va sovrindorlar aniqlangani to‘g‘risida yakuniy bayon tuziladi. Ertaga hujjat bo‘lar deb, mas’ullardan so‘rab, shu bayondan nusxa oldim. Uni ko‘rib, taxmin qilgan narsam sodir bo‘lganini tushundim. Bayonda barcha asosiy nominatsiyalar bo‘yicha 1-, 2- va hatto 3-o‘rin sohiblari ham aniq qayd etilgan.
Albatta, sog‘lom aql egasida savol tug‘ilishi turgan gap. O‘zi tanlovda 10-12 nafar atrofida qatnashchi hozir bo‘lgan bo‘lsa, qolgani qayerdan paydo bo‘la qoldi? Ular stend tashkil qilmay, shunchaki tomoshabin bo‘lib, o‘tirib-o‘tirib, tanlov yakunlangach, sovg‘ani olib ketgandir-da, deyishingiz mumkin. Biroq mavjud tartib unday emas. Ko‘rik-tanlov respublika tashkiliy qo‘mitasining 2018 yil 18 avgustdagi tegishli bayoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan “Tashabbus-2018” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da ham qat’iy belgilab qo‘yilgan. Barcha bosqichlarda ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning namoyish-ko‘rgazmasi tashkil etilishi kerak. Mazkur ko‘rgazmada ishbilarmonlar o‘z mahsulotlarini namoyish qilishi shart.
Endi o‘zingiz bir o‘ylang. O‘zi ko‘rsatayotgan xizmat yoki ishlab chiqarayotgan, yetishtirayotgan mahsulotni keng jamoatchilikka, hakamlar hay’atiga namoyish qilmasa, tadbirkor, fermer yoki hunarmand ishiga qanday baho berilishi mumkin? Haqiqatan ham ishtirokchining muayyan turdagi faoliyat bilan shug‘ullanayotganiga kim ishonadi? Mahsulot yo xizmat sifati, qay darajada xaridorgirligi va raqobatbardoshligi ko‘rib baholanmaydimi?
Nizom talablariga zid tarzda ulashilgan uchinchi o‘rin
Tuman bosqichi natijalari bilan yaqindan tanishsak. Yuqorida aytganimdek, “Yilning eng yaxshi fermeri” yo‘nalishida 3 ta o‘ringa ham g‘olib belgilangan. Vaholanki, tadbir ko‘rgazmasida boya aytganimday faqat bir nafar fermer o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi. Shu yerda hakamlar ochiqchasiga ko‘zbo‘yamachilikka qo‘l urishgan. Umuman tanlovda yo‘q odamni taqdirlashgan-qo‘yishgan. 2-o‘ringa tanlovda qatnashmagan “Arxideya bog‘i” fermer xo‘jaligi raisi Faxriddin Qudratov munosib ko‘rilgan. Ishtirok etmay ham, o‘rin olish mumkinligi “Sohibov Rustam” fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Sohibov misolida ham o‘z isbotini topdi.
Xizmat ko‘rsatish sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishida ham barcha o‘rinlarni tadbirkor bilan to‘ldirish imkonsiz ko‘ringani aniq. Bo‘lmasa, na o‘zi bo‘lmagan, na xizmatlarini taqdim etmagan “Illinoys” xususiy korxonasi rahbariga 3-o‘rin berilmasdi.
“Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yo‘nalishida g‘oliblarni aniqlashda butkul g‘irromlikka yo‘l qo‘yildi, deyolmaymiz. Boisi, tanlovning hududiy bosqichida aynan ushbu yo‘nalish talabiga mos keladigan yoshlar bor edi. “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishi haqida ham shu gapni aytish mumkin. Har holda hunarmandlar o‘zlari yasagan milliy hunarmandchilik buyumlari bilan ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, tegishli nizomda ko‘rik-tanlovning barcha bosqichlarida qatnashchilar qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. O‘z navbatida, ular bo‘yicha sovrindorlarni aniqlash va sovg‘alar berish majburiy emasligi, bunda hududiy bosqich byudjetidan kelib chiqib qaror chiqarilishi qayd etilgan.
Qiziq tomoni ham shunda. Ko‘rik-tanlovning Qarshi tumani bosqichida hakamlar sal “jiddiy” yondashgan ko‘rinadi. Bo‘lmasa, deyarli barcha qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni e’lon qilmasdi. O‘zi asosiy nominatsiyalar uchun ishtirokchi yetmay turgan bir vaqtda bunday qilinganini qanday tushunish mumkin? Misol uchun, “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblik “Art Stil Design” (bayonda tadbirkorlik subyektning yuridik maqomi ko‘rsatilmagan)ga tekkan. “Yoshlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor” degan nomga esa “Haqberdi Ota” xususiy firmasi rahbari sazovor bo‘lgan. “Mening yurtim – mening iftixorim” nominatsiya g‘olibligini “Quyi Qarog‘il Navo” MChJ rahbari qo‘lga kiritibdi. Tumandagi “Impuls Osiyo” MChJ rahbari esa “Eng yaxshi eksportchi” sifatida tan olinibdi.
Mazkur qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilganlarning aytarli birortasi tanlovda ko‘rinmadi. Ishtirok etgani ham tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligini, o‘zi tadbir o‘tayotgan bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlashini bildirdi. Vaholanki, Nizomda ham belgilangan: tanlovda qatnashish uchun topshiriladigan zarur hujjatlar orasida davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi taqdim etilishi kerak.
Xo‘sh, tuman bosqichi hakamlar hay’atini majburiy bo‘lmagan nominatsiyalar bo‘yicha aslida yo‘q ishtirokchilarni taqdirlashga nima majbur qildi? Shunday qilishmasa, birov urishadimi? Yoki tanlovda qatnashchi go‘yoki ko‘p bo‘lganini ko‘rsatishga urinib, soxtakorlik qilishga tap tortmay jur’at etishganmi? Shu bilan tanlov kuchli raqobat muhitida, xolis o‘tganiga shama qilishmoqchimi?
Bu ishlarni ko‘rib, o‘ylab qoladi kishi. Nima, Qarshi tumanida tadbirkor va fermerlar qahatmi? Yoki tuman hokimligi mutasaddilari o‘z hududidagi faol, tashabbus ko‘rsatib ishlayotgan, yuqori natijalarga erishayotgan ishbilarmonlarni bilmaydimi? O‘zim ham shu tumanda yaxshi faoliyat olib borayotgan qanchadan-qancha tadbirkor va fermerni taniyman. Ularning yutuqlari to‘g‘risida gazeta uchun maqolalar tayyorlaganman. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin, mahalliy hokimlik mas’ullari yo nufuzli tanlovni o‘tkazishga bepisand qaradi, yo xususiy sektor vakillari bilan samarali hamkorlikni, to‘g‘ri ishlashni yo‘lga qo‘ymagan. Yoki ular haqidagi xabardorligi yetarli emas.
Barchasidan ham ajablanarlisi, hakamlarning yana bir e’tiborsizligi (atay shunday qilingan, desak ham xato bo‘lmas) yuqoridagi ko‘zbo‘yamachiliklar oldida holva bo‘lib qoldi. Tanlovni o‘tkazish haqidagi tegishli Nizomda shunday joyi bor: ko‘rik-tanlov tarixida bir marotaba bo‘lsa-da, uning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va Prezident sovriniga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari, jumladan, fermer xo‘jaliklari va hunarmandlarga ushbu tanlovda qaytadan ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ilgari boshqa korxonada rahbar sifatida sovrindor bo‘lgani ham bundan mustasno emas.
Hududiy bosqichda sanoat sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasida 3-o‘ringa tadbirkor topa olishmagan, shekilli. Aks holda bir vaqtlar ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida qatnashib, g‘olib bo‘lib, Prezident sovrini – yengil avtomobilni qo‘lga kiritgan, ko‘zga ko‘ringan ishbilarmonga shu pog‘onani ravo ko‘rishmasdi. E’tibor bering, hatto birinchi o‘rin ham emas, oxirgisi. Kimsan, ko‘rik-tanlovda erishish mumkin bo‘lgan eng yuqori natija sohibiga. O‘sha inson bilan suhbatlashganimizda, bundan umuman xabari yo‘qligini, hududiy bosqichga vakil sifatida taklif qilinganini, bu kabi tanlovlarda qatnashsa ham, faqat eng yuqori o‘rinlar uchun harakat qilishini, bunga salohiyati ham bemalol yetishini bildirdi. Hakamlar hay’atining bu qilig‘ini o‘ziga sharmandalik, deb hisoblagani uchun bu tadbirkor ismini aytishni lozim topmadik.
Qolaversa, Respublika bosqichi g‘olibi faqatgina Nizom talablariga javob beradigan, o‘z hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni kashf etish, tanlov bosqichlarida ishtirok etishiga ko‘maklashish, ular orasida turli tushuntirish ishlarini olib borish va maslahat hamda tavsiyalar berish, tanlovga tayyorlash vakolatiga ega, xolos.
“Faqat tashkiliy masala bilan shug‘ullanganman”
Tanlov hududiy bosqichlarining tegishli Nizomda belgilangan qoidalarga muvofiq o‘tkazilishini nazorat qilish, ta’minlash bo‘yicha mas’ullar ham belgilangan. Misol uchun, viloyat, tuman (shahar) bosqichlarida bu ishni ko‘rik-tanlovning respublika tashkiliy qo‘mitasidan biriktirilgan mas’ul shaxslar bajarishi kerak. Masalan, hududiy bosqichda mavjud talablarga zid xatti-harakatlar aniqlanganda respublika va viloyat tashkiliy qo‘mitasidan hududga biriktirilgan mas’ul bu haqda tegishli qo‘mitaga axborot berishi kerak. Viloyat darajasidagi qolgan mas’ullar ham shunday yo‘l tutishi lozim. Xo‘sh, ko‘rik-tanlovning Qarshi tumani bosqichida shuncha ish bo‘layotgan bir paytda ular qayerga qarashgan? Tadbirda bevosita qatnashganmi o‘zi?
Yana bir jihati, hududiy bosqichlar g‘oliblarini aniqlash uchun joylarda tegishli mutasaddilardan iborat hakamlar hay’ati shakllantirilgan. Ular har bir nominatsiyaga, har o‘ringa munosib nomzodni tanlashda mavjud baholash mezonlariga qat’iy amal qilishi shart. Hakamlar o‘z vazifasini qanchalik sidqidildan bajardi? Tanlovni o‘tkazish va ishtirokchilarni rag‘batlantirishda nega nomiga ish tutdi? Shu savollar bilan mutasaddiga yuzlandik.
– Rosti, qatnashganim yo‘q, “podarka-madarka”sini tashkil qilish bilan shug‘ullandim, – deydi ko‘rik-tanlov hududiy bosqichi bosh hakami, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Hasan Turdiyev. – Tashkiliy masalasini qilib beradigan odamman. Ertalabdan kechgacha (ko‘rik-tanlov nazarda tutilgan – tahririyat) tepasiga borib o‘tirolmayman. Falonchi tadbirkorni olib kel, deb o‘tirishga vaqtim ham yo‘q. Kimga qanday nominatsiya berildi, kim ishtirok etdi yo etmadi, men uni bilmayman. Sovg‘ani tayyorlash vaqtida o‘zimdan o‘tgani o‘zimga ma’lum. 2-3 million so‘mga sovg‘a qilib berdim. Kimgadir iltimos qilib, qarzga bo‘lsa-da, keltirib berdim. Boshida turgan, tashkillashtirgan Savdo-sanoat palatasi bo‘ladi. Qolganidan xabarim yo‘q.
Xo‘p, tuman hokimi birinchi o‘rinbosari bosh hakam bo‘lgani holda Beshkentda bo‘la turib tuman bosqichida qatnasha olmabdi. Biroq Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i ertalabdan o‘sha yerda edi. U Qarshi shahridan borgan ekan, nega hududda tuman hokimidan keyingi o‘rinda turuvchi mansabdor o‘zining idorasidan nari borsa 300 metr uzoqda o‘tayotgan tanlovga kelolmaydi? Darajasi ham past emas, Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov.
Qolaversa, hokim o‘rinbosari nega aybni o‘zidan soqit qilishga urinadi? Axir viloyat hokimining ko‘rik-tanlovni o‘tkazish yuzasidan chiqargan farmoyishida ham ko‘rsatilgan-ku, shahar va tumanlar hokimlari ko‘rik-tanlovning hududiy bosqichlarini belgilangan muddatlarda, yuqori saviyada o‘tkazishi, hududlardagi eng faol tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ta’minlashi kerak. Qarshi tumani hokimligining Prezident sovrini uchun o‘tayotgan ko‘rik-tanlovga munosabati shumi?
Bu yerda boshqa masala ham bor. Nima uchun tuman bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga atigi 2-3 million so‘m mablag‘ sarflangan, yana qarz-qurz havola qilib? Viloyat hokimi farmoyishida hududiy bosqichni qay yo‘sinda moliyalashtirish tartibi ham belgilangan. Tegishli manbalar hisobidan 10 million so‘m ajratilishi lozim edi, 2-3 million so‘m emas.
Xo‘p, tuman hokimi o‘rinbosari shuni ham amallabdi, deylik. Sovg‘aga mikroto‘lqinli pech, tefal va termos berish nimasi? Respublika tashkiliy qo‘mitasining tegishli Nizomida qayd etilgan: tanlovning asosiy va qo‘shimcha nominatsiya g‘oliblari uchun sovg‘a sifatida uy-ro‘zg‘or buyumlari berilishidan imkon qadar voz kechish, aksincha faoliyatida doimiy ravishda foydalanadigan inventarlar berilishi lozim. Tadbirkor yuqoridagi sovg‘ani nimaga ishlatadi? Tefalga choy damlab ichadimi? Bu uning faoliyatiga qanday yordam beradi? Tanlovda hunarmandlar ham qatnashdi. Tikuvchilik yo‘nalishida ish olib borayotgan hunarmandga nima kerak? Tikuv mashinasi. Mana unga asqatadigan sovg‘a.
Xulosa o‘rnida aytganda, tadbirkor, fermer va hunarmand uchun eng nufuzli sanalgan ko‘rik-tanlovga nomiga yondashish, o‘tsa bo‘ldi, qabilida ish tutish yaramaydi. Tanlov yuqori saviya va kuchli raqobat muhitida, xolislik asosida o‘tkazilmas ekan, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanishini rag‘batlantiruvchi biznes muhiti yaratish, tadbirkorlik faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ular o‘rtasida xo‘jalik aloqalarini kengaytirishga va ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni reklama qilishga ko‘maklashish singari ko‘rik-tanlovning bosh maqsadlari ro‘yobini qanday ta’minlaymiz? Ilgari shunday ko‘zbo‘yamachilik qilingan bo‘lsa bordir, endi bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Izoh (0)