Germaniyada Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina va Qozog‘iston hududlari tegishliligi haqidagi 1994-yilgi maxfiylikdan chiqarilgan arxiv hujjatlari e’lon qilindi. Bu haqda Germaniyaning Der Spiegel nashri xabar bermoqda.

Hujjatlarda 1994-yilning 14-yanvar kuni o‘sha vaqtda Sankt-Peterburg shahar merining o‘rinbosari, shahar meriyasining Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi vazifasida ishlagan Vladimir Putin Qrim, Ukrainaning sharqiy hududlari va Qozog‘iston shimoli tarixan Rossiyaga tegishli ekanligini ta’kidlagan. Rossiyaning amaldagi rahbari o‘shanda bu yerlarni millionlab rusiyzabon aholi yashaydigan boshqa davlatlarga o‘tkazilganini rus xalqiga tushuntirish qiyinligini aytgan.
“Agar u yerlarda millionlab vatandoshlarimiz yashasa, bu hududlar nima uchun boshqa davlatlar tarkibiga kirganini tushuntirib bo‘lmaydi”, degan Putin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Putin 30 yil avval mintaqadagi keskinlikni rusiyzabon aholining ahvoli bilan bog‘lagan. Shu bilan birga, u Rossiya manfaatlarini himoya qilish imperiyani qayta tiklashga urinish emasligini alohida qayd etgan.
Qayd etilishicha, o‘sha paytda Ukrainada o‘n milliondan ortiq, Qozog‘istonda esa bir millionga yaqin rus millatiga mansub aholi istiqomat qilardi. Putin ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa, “hech qanday muammo yo‘q” deb ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng hududiy masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanligini, biroq buni faqat Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashuvdagina amalga oshirishi mumkinligini ma’lum qildi.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Tramp bilan muzokaralar paytida hududlarni almashish imkoniyatini istisno qilmagan, ammo o‘z mamlakatining konstitutsiyaviy to‘siqlariga ishora qilgan.
Izoh (0)