Niderlandiyaning Tommy Hilfiger, Germaniyaning Hugo Boss kabi dunyoga mashhur brendlari nomidan ruxsatsiz foydalanib, kiyim-kechak ishlab chiqarib sotayotganlarga chora ko‘rildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlik Tommy Hilfiger tovar belgisi huquqlari “P.B.” MCHJ tomonidan buzilayotgani to‘g‘risidagi murojaatni ko‘rib chiqqan.
O‘tkazilgan tekshiruv natijasida “P.B.” MCHJ tomonidan Tommy Hilfiger tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan kontrafakt trikotaj mahsulotlar sotuvga taklif etilayotgani aniqlandi. Holat bo‘yicha vazirlik tomonidan “P.B.” MCHJga nisbatan tegishli taʼsir chorasi qo‘llanildi. Kontrafakt kiyim-kechak mahsulotlaridan Tommy Hilfiger tovar belgilarini olib tashlash, buning imkoni bo‘lmagan taqdirda, tegishli tovarlarni yo‘q qilish majburiyati yuklandi, deyiladi manbada.
Shu bilan birga, vazirlik BOSS belgisidan noqonuniy foydalanish holatiga ham chek qo‘yganini bildirdi. Tahlil qilinishicha, Hugo Boss brendiga 1924-yilda Germaniyada asos solingan bo‘lib, 2024-yilda kompaniya savdolari 4,3 milliard yevroni tashkil etgan.
Agar mazkur kompaniya asoschilari ham oson daromad ko‘rish maqsadida boshqalarning “brendini o‘g‘irlash” yo‘lini tanlaganlarida hozirgi kunda dunyoni zabt etgan xalqaro brendlardan biri bo‘lmish Hugo Boss mavjud bo‘lmas edi. Biroq ayrim “uddaburon” tadbirkorlar tomonidan tezda boyib ketish maqsadida boshqalarning mehnat mahsuli natijasida uzoq yillar mobaynida yaratilgan brendlardan ruxsatsiz foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Xususan, adliya organlari tomonidan Hugo Boss A.G. kompaniyasining (Germaniya) barchamizga tanish bo‘lgan BOSS tovar belgisiga bo‘lgan huquqlari “J.M.” YTT tomonidan buzilayotgani to‘g‘risidagi murojaat ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi manba.
O‘tkazilgan tekshiruvda “J.M.” YTT BOSS brendi belgisidan noqonuniy foydalanib, o‘z do‘koni peshlavhasiga osgani aniqlangan. Bu orqali sotuvchi bu do‘konda original BOSS tovarlari sotiladi degan mazmunni ifodalashga uringan va mo‘may daromad olmoqchi bo‘lgan.
Vazirlik izohiga qaraganda, aksar iste’molchilar mashhur brend kiyimlarini arzon xarid qildim deb quvonadi, aslida ularni “brend o‘g‘rilari” chuv tushirganini sezmaydi.
Holat bo‘yicha adliya organlari tomonidan “J.M.” YTTga nisbatan tegishli taʼsir chorasi qo‘llanilgan holda BOSS tovar belgisining do‘kon peshlavhasidan olib tashlanilishi taʼminlangan.
Izoh (0)