Toshkent shahrida qizil rangdagi tungi avtobuslarning ilk yo‘nalishi 2025-yilning oxiriga qadar ish boshlaydi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar qilindi.
Avtobuslar 15 ta yo‘nalishda Aeroport, Vokzal va Turizm ko‘chalari bo‘ylab soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadi. Ular qizil rangda bo‘lib, oraliq intervali dastlab 30 daqiqani tashkil etadi.
Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus 2 bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 8 ta yo‘nalish bo‘lib, jami 136 km yo‘lni qamrab oladi. Mazkur yo‘nalishlarda 31 ta avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 19,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish zarur.
Ikkinchi bosqichda esa 7 ta yo‘nalish 98 kilometrlik yo‘ldan o‘tib, harakatga 23 ta avtobus jalb etiladi. Bu uchun ham 14,2 milliard so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.
“Ularning raqami ham T dan boshlanadigan qilib taklif berganmiz, yaʼni T1, T2, T3 deb. Mana shu yilning oxirigacha T1 yo‘nalishimizni ochishni rejalashtirganmiz”, degan Ollayor Norbo‘tayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, T1 yo‘nalishi Bektemir tumanining Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tarafga harakatlanib, Qo‘yliq bozoridan hozirgi Xonobodtepa shoh ko‘chasi orqali yuradi va joriy yilning oxiriga qadar ishga tushiriladi.
Avvalroq Xalq deputatlari shahar kengashining yig‘ilishida poytaxtda tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadigan qizil rangli avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi aytilgandi.
Izoh (0)