Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida 14-sentabr kuni O‘zbekistondagi ilk tog‘-chang‘i kurorti — “Amirsoy”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Мarosimda “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti investorlari, loyiha mualliflari, OAV xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov “Chorvoq” turistik erkin iqtisodiy zonasining birinchi ishtirokchisi bo‘lgan “Amirsoy” kompaniyasi vakillariga maxsus guvohnomani topshirdi.
“Qishki mavsumda turistlar oqimi bilan bog‘liq muammolar mavjud edi, ushbu loyihaning amalga oshishi esa O‘zbekistonda turistik xizmatlarni diversifikatsiyalash imkonini beradi, ya‘ni mamlakatimiz infratuzilmasi butun yil davomida sayyohlarni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi”, — deydi Aziz Abduhakimov.
“Amirsoy” to‘rt faslga mo‘ljallangan, jahon sifati darajasidagi O‘zbekistonda joylashgan sifat va xavfsizlik standartlariga javob beruvchi birinchi tog‘ dam olish maskanidir. Ushbu dam olish maskani Tyan-Shan tog‘ tizimida joylashgan. Kurort hududida park-otel, restoran, ekranli barlar, spa, dam olish uchun qulay joylar, konsert va ko‘rgazma zallariga ega majmua barpo etiladi.
Qish faslida dam oladigan mijozlar chang‘i, snoubord, tyubing, chana, qorda yurishga mo‘ljallangan avtomobillarda hordiq chiqarishi mumkin. Yoz vaqtida esa foto-turlar, velo-treking, zip-layn tushish, yozgi tyubing, peyntbol o‘ynash va tabiat qo‘ynida piknik uyushtirish mumkin.
Izoh (0)