Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Belarus ta’lim vaziri Igor Karpenko boshchiligida oliy ta’lim muassasalari rektorlari va mutaxassislaridan iborat delegatsiya qabul qilindi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov belaruslik hamkasbi bilan ikki davlat o‘rtasida malakali kadrlar tayyorlash yo‘lidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, zamonaviy yo‘nalishlar va mutaxassisliklarda bakalavr, magistrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Igor Karpenko Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan qo‘shma fakultet va O‘zbek-Belarus madaniy-ma’rifiy markazining ochilish ishlarining borishi bilan tanishish maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ham bo‘ldi.
Izoh (0)