Oltiariq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Poloson shaharchasidagi tez tibbiy yordam brigadasi shifokori Shuhrat Sirojiddinov 3-avgust kuni chaqiruvga borgan vaqtida kaltaklandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar bermoqda.
Oltiariq tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokor o‘rinbosarining aytishicha, brigada navbatchi shifokori Sh. Sirojiddinov chaqiruv bo‘lgan Mozortagi mahallasidagi 50-uyga 10 daqiqa atrofida yetib borgan. Bu vaqtda 70 yoshli bemor vafot etgandi. Bemorning nabirasi shifokorni kech kelganlikda ayblab, boshiga qattiq zarba bergan. Zarba natijasida shifokor bir muddat hushini yo‘qotgan.
Ayni paytda Sh. Sirojiddinov shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida miya chayqalishi va quloq pardasiga jiddiy shikast yetishidan davolanmoqda.
Jabrlanuvchi sud tibbiy ekspertizasi tekshiruvidan o‘tkazildi. Ekspertiza xulosasi asosida keyingi choralar ko‘riladi.
Holat bo‘yicha hudud profilaktika inspektori dastlabki tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Sh. Sirojiddinov 2016-yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali shifokori” nominatsiyasida 1-o‘ringa loyiq ko‘rilgandi.
Izoh (0)