Qanday qilib hukumatni inson kapitaliga sarmoya yo‘naltirishga ishontirish mumkinligi haqida.
Hukumat iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga intilar ekan fizik kapital – muhtasham ko‘priklar, yangi yo‘llar, zamonaviy aeroportlar va boshqa infratuzilmalarni barpo etishga investitsiya kiritishga e’tiborni qaratadi.
Odatda, ular aholi salomatligi, bilim va ko‘nikmalari, tajriba va turmush tarzini o‘zida mujassam etgan inson kapitaliga investitsiya kiritishdan unchalik manfaatdor emas. Bu katta xato, negaki, inson kapitaliga investitsiya kiritishga nisbatan beparvolik mamlakat raqobatbardoshliligini keskin pasaytirib yuborishi mumkin. Zero, mamlakat iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi uchun iste’dodli odamlarni tarbiyalash talab etiladi.
Jahon banki guruhining butun faoliyati davomida ekspertlarimiz iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiluvchi, odamlarga kambag‘allikdan xalos bo‘lishga yordam beruvchi hamda rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga sarmoya kiritishi mumkin bo‘lgan har bir jihatni o‘rgandi.
2003-yilda bank Doing Business nomli ilk yillik hisobotini chop etgan va unda soliqqa tortishdan to shartnomalarni bajarishgacha bo‘lgan har bir mezon bo‘yicha mamlakatlarning qiyosiy tahlili o‘tkazilgan edi.
Hisobot xulosalarini inkor etishning imkoni yo‘q. Sababi davlat rahbarlari va moliya vazirlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kamayishi mumkinligi bilan bog‘liq tavakkalchilikka duch keldi. Chunki kompaniyalar eng maqbul ishbilarmonlik muhitiga ega mamlakatlarga sarmoya kiritishni afzal biladi. Keyingi 15 yilda Doing Business hisobotlari 3180 dan ortiq islohotni amalga oshirishga ko‘maklashdi.
Bugungi kunda bank xuddi shunday yondashuvni ilgari surgan holda, hukumatlarni insonlarga sarmoya kiritishga da’vat etmoqda. Jahon banki guruhi vakillari inson kapitali xodimlarning keyingi avlodi ishi samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini baholash indeksini ishlab chiqmoqda.
Indeks shu yilning oktyabr oyida Balida bo‘lib o‘tadigan Jahon banki guruhining yillik yig‘ilishida taqdim etiladi. Unda bugun dunyoga kelgan bola 18 yoshga yetganda umid qilishi mumkin bo‘lgan salomatlik holati, shuningdek, ta’limning sifat va miqdor ko‘rsatkichlari aks etadi.
Olimlar inson kapitalini rivojlantirishning afzalliklari haqida ko‘p narsalarni biladi. Biroq bu rivojlangan davlatlarning shu yo‘nalishdagi harakatlarini jadallashtirishga ishonchli da’vat bo‘la olmadi.
So‘nggi o‘ttiz yilda boy va qashshoq mamlakatlarda hayot davomiyligi bir-biriga yaqinlasha boshladi. Ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari sezilarli ravishda ortdi. Biroq muammolar shu bilan barham topmadi. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning qariyb to‘rtdan biri to‘yib ovqatlanmaydi, 260 milliondan ziyod bola va yosh maktabda o‘qimaydi, rivojlanayotgan mamlakatlarda maktab yoshidagi kichik bolalarning 60 foizida hamon minimal ta’lim olish imkoniyati mavjud emas.
Inson salohiyatining ahamiyati
Inson kapitalining ahamiyatini bir nechta turli usullarga asosan baholash mumkin. An’anaga ko‘ra, iqtisodchilar buni ko‘proq ta’lim olgan odamlarning daromadi bilan hisoblar edi.
Tadqiqotlar har bir qo‘shimcha ta’lim yili inson daromadini o‘rtacha 10 foizga oshirishini ko‘rsatdi. Bunda ta’lim sifati ham muhim. Misol uchun, AQShdagi boshlang‘ich maktabning alohida sinfida malakasi past o‘qituvchini o‘rta darajadagi mutaxassisga almashtirish o‘quvchilarga butun umri davomida 250 ming dollargacha umumiy daromad olish imkonini beradi.
Ammo kognitiv imkoniyatlar inson kapitalining yagona ko‘rsatkichi emas. Mardlik, iroda va halollik kabi ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalar, odatda katta iqtisodiy samaradorlik keltiradi. Sog‘liq ham muhim ahamiyatga ega. Negaki, sog‘lom insonlarning mehnat samaradorligi yuqori bo‘ladi.
Misol uchun, 2015-yilda Keniyada o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolalarga narxi atigi 30 sentga teng gelmintlarga qarshi dori vositalarini berish maktabda dars qoldirishni kamaytirishga, keyinchalik esa mustaqil hayotga qadam qo‘yganda oylik maoshining jami 20 foizga oshishiga olib keldi.
Erta yoshdan inson kapitalini turli yo‘llar bilan o‘lchab borish yaxshi samara beradi. Bolani go‘daklikdan to‘g‘ri ovqatlantirish, sog‘lom rivojlanishini rag‘batlantirish keyinchalik uning jismoniy va ruhiy farovonligini yaxshilaydi.
Ayni paytda bolalikda kognitiv va ijtimoiy-hissiy imkoniyatlarda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni balog‘at yoshiga yetganda tuzatish qimmatga tushadi. Shuning uchun hukumat tomonidan inson kapitalini bola hayotining dastlabki 1000 kunligida rivojlantirish iqtisodiy samara beradi.
Bularning barchasi iqtisodiy o‘sish bilan nechog‘li bog‘liq? Birinchidan, inson kapitaliga individual sarmoyalardan olinadigan foyda qo‘shilsa, umumiy samara alohida qismlar miqdoridan ko‘proq ekanligi ayon bo‘ladi.
Keniyadagi maktab o‘quvchilariga qaytadigan bo‘lsak, birgina bolaning gelmintlardan xalos bo‘lishi boshqa bolalarning zararlanish ehtimolini kamaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning kelajakda yaxshi o‘qishi va ulg‘aygach nisbatan katta maosh olishiga olib keladi.
Inson kapitalini rivojlantirishning ayrim afzalliklari jamlanib, sarmoya kiritilayotgan avlod bilangina cheklanib qolmaydi. Masalan, onaning farzandning prenatal parvarishi haqidagi bilimini boyitish bolalarning go‘dakligidanoq sog‘lig‘ini yaxshilashga xizmat qiladi.
Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, inson kapitaliga individual investitsiyalar umumlashtirilganda, turli mamlakatlarda inson kapitaliga kiritilgan investitsiya bilan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar o‘rtasidagi tafovut 10 foizdan 30 foizgacha bo‘lishini ko‘rsatdi.
Misol uchun, XIX asr o‘rtalarida Braziliya ziyoli yevropaliklarning San-Pauloga immigratsiyasini rag‘batlantirgan. Natijada 100 yildan so‘ng bu shtatda yuksak darajadagi ta’lim, qishloq xo‘jaligiga nisbatan sanoatda ko‘proq bandlik, shuningdek, aholi jon boshiga yanada yuqori daromad kuzatildi.
Ayniqsa, ta’lim katta samaradorlik keltiradi, shuning uchun u qashshoqlik ko‘lamini qisqartirishda muhim rol o‘ynaydi. Buni Gana tarixi ham tasdiqlaydi: 1990-yillarda va 2000-yillar boshida mamlakat ta’limga ketadigan xarajatlar miqdorini ikki barobar ko‘paytirish orqali asosiy ko‘rsatkichlarni keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada 1999-yildan 2012-yilgacha mamlakatda savodxonlik darajasi 64 foizga yetdi, qashshoqlik darajasi esa 61 foizdan 13 foizga tushdi.
Ta’limga kiritiladigan sarmoyalar ham jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishi mumkin. Aksariyat mamlakatlarda nisbatan o‘ziga to‘q oilalarda tug‘ilgan farzandlar bolalikdanoq keng imkoniyatlardan foydalanishni boshlaydi va bu butun umri davomida qator afzalliklarga olib keladi, aksincha, nochorroq oilalar farzandlari bunday imkoniyatlardan foydalana olmaydi.
Bunday muammoni hukumat tomonidan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlar amalga oshirilganda iqtisodiy tengsizlikning qisqarish tendensiyasi kuzatiladi. Shimoliy Karolinada o‘tkazilgan tadqiqot agar Qo‘shma Shtatlar bolalikdanoq samarali rivojlanish dasturlaridan foydalansa, mamlakatda daromadlardagi tengsizlik 7 foizga kamayishini ko‘rsatdi. Bu esa AQShning Kanada darajasiga erishishi uchun yetarli.
Inson kapitaliga sarmoya kiritishdan jamiyat ham katta manfaat ko‘radi. Uzluksiz maktab ta’limi turli jinoyatlar sodir etilishi ehtimolini kamaytiradi.
2017-yilda Liberiyada narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, o‘g‘rilar va jinoyatga moyil boshqa erkaklar kognitiv-axloqiy terapiyaga yo‘naltirilishi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilgan. Bu ularga o‘z hissiy holatini anglab yetish, o‘zini idora etishni yaxshilash va murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l tutish kabi ko‘nikmalarni shakllantirishni ko‘zda tutgan. Unchalik ko‘p xarajat talab etmagan dastur ushbu insonlarning jinoyat olamiga qaytishi ehtimolini sezilarli darajada qisqartirdi.
Inson kapitali shaxsning jamiyat hayotida ishtirok etishi bilan bog‘liq. 1970-yillarning o‘rtalarida Nigeriyada umumiy boshlang‘ich ta’lim joriy etilib, bolalarning katta qismi boshlang‘ich maktablarga qamrab olindi. Bir necha yil o‘tib, bu yigit va qizlar yangiliklar bilan qiziqish, tengqurlari bilan siyosat haqida suhbat qurish, palata yig‘ilishlari va saylovlarda ishtirok etishni boshladi.
Inson kapitaliga investitsiya kiritish ishonch darajasini ham oshiradi. O‘qimishli insonlar boshqalarga ko‘proq ishonadi, ishonch darajasi baland bo‘lgan jamiyat odatda nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sishga erishadi. Shuningdek, ular ancha sabrli ham bo‘ladi: tadqiqotlar yigirmanchi asr o‘rtalarida Yevropada amalga oshirilgan maktab islohotlari odamlarning migrantlarga nisbatan bag‘rikengroq bo‘lishiga xizmat qilgan.
Ayon bo‘lgan haqiqatlar
Inson kapitali o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi, u davlat tomonidan rivojlantirilishi lozim. Xususan, ko‘pincha inson kamoloti uchun investitsiya kiritish va bu sarmoyaning boshqalarga ham tarqalishi omili inobatga olinmaydi.
Masalan, ota-onalar o‘z farzandining gijjasini davolash haqida qaror qabul qilar ekan, avvalo, uning salomatligi haqida qayg‘uradi. Biroq bu harakatlar boshqa bolalarning kasallanish xavfini kamaytirishini eslamaydi.
Yoki farzandning bog‘chadayoq ko‘proq bilimga ega bo‘lishi uchun pul sarflayotgan ota-onalarni olaylik. Ular shu orqali kelajakda jinoyatchilikning kamayishi va mahbuslar sonining qisqarishi singari yanada kengroq ijtimoiy ahamiyatga ta’sir ko‘rsatayotganini e’tiborga olmaydi.
2010-yilda Michiganda ishlab chiqilgan maktabgacha ta’lim dasturlaridan birining samaradorligi o‘rganilganda sarflangan har bir dollar jamiyatga 7 dollardan 12 dollargacha foyda bo‘lib qaytgani aniqlangan.
Ba’zi hollarda jamiyatda qabul qilingan normalar ota-onalarni o‘z farzandiga sarmoya kiritishdan qaytaradi. Ota-onalarning o‘g‘liga qiz farzandidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishi avvaldan ma’lum. Biroq ushbu kamsitish ta’siri kelgusida kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Masalan, Hindiston hukumatining hisob-kitoblariga qaraganda, mamlakatda 21 millionga yaqin ana shunday “istalmagan qizlar” mavjud. Bu qizaloqlar ham salomatlik, ham ta’lim nuqtai nazaridan ota-onasidan kamroq e’tibor ko‘radi.
Boshqa holatlarda oilalar o‘z bolalariga sarmoya kiritishni istaydi, biroq bunga qurbi yetmaydi. Kambag‘al ota-onalarda iste’dodli bolalarini maktabda o‘qitishga pul to‘lashi uchun kredit olish imkoni yo‘q. Hatto ta’lim bepul bo‘lgan taqdirda ham ular transport va maktab xarajatlari uchun pul topishi zarur. Bola oilaga qo‘shimcha daromad keltirishi uchun ishlashi va shu boisdan maktabda o‘qiy olmasligi bilan bog‘liq holatlarni aytmasa ham bo‘ladi.
Hukumatlarning inson kapitaliga investitsiya kiritishi muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, siyosatchilar ko‘pincha bunga qarshi turadilar. Amaldorlarda o‘zini oqlashga bir necha o‘n yillar talab etadigan dasturlarni qo‘llab-quvvatlash uchun rag‘batning o‘zi yo‘q.
Misol uchun, epidemiya mavjud bo‘lmagan holatda siyosatchilar jamiyatdagi sog‘liqni saqlash ahvoliga e’tiborni susaytirishi mumkin. Aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha loyihalar soliqlarni oshirish yoki yanada muhimroq xarajatlar, xususan, infratuzilma yoki ijtimoiy ehtiyojlar uchun ajratilgan mablag‘lardan bir qismini olish yo‘li bilan moliyalashtirilganiga misollar juda kam.
2012-yilda Nigeriya hukumati onalik va bolalikni muhofaza qilish uchun ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish maqsadida mamlakatdagi yoqilg‘i mahsulotlariga subsidiyalarni bekor qilganida jiddiy qarshilikka uchragan edi. Ushbu masalani OAVda yoritishda bor e’tibor subsidiyalarning to‘xtatilishiga qaratilgan va jamiyat uchun o‘ta zarur bo‘lgan birinchi tibbiy-sanitar yordamni kengaytirish masalasiga kam ahamiyat berilgandi. Keng miqyosdagi ijtimoiy noroziliklardan so‘ng subsidiya qayta tiklangan.
Ba’zi davlatlarda bunday norozilik qisman ijtimoiy kelishuvning zaifligi bilan izohlanadi: fuqarolar o‘z hukumatiga ishonmaydi va shu sababdan, o‘zlarining fikricha, keyinchalik izsiz yo‘q bo‘lib ketadigan soliqlarni to‘lashga ikkilanadi.
O‘zligini namoyon qilish muammosi hamma joyda murakkab. Butun dunyoda haddan tashqari ko‘p bolalar o‘qishni bilmaydi, chunki ularning o‘qituvchilari yetarli darajada bilimga ega emas. “Xizmatlar ko‘rsatish darajalari” ushbu muammoning tub mohiyatini ochib bergan tashabbus bo‘ldi. U Jahon banki guruhi tomonidan Afrika iqtisodiy tadqiqotlar konsorsiumi bilan hamkorlikda Afrikaning Sahroi Kabirdan janubda joylashgan mamlakatlaridagi ma’lumotlarni to‘plash maqsadida ilgari surilgan edi.
Yettita davlat – Keniya, Mozambik, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya, Uganda va Togoda to‘rtinchi sinf o‘qituvchilarining 66 foizigina til bo‘yicha ushbu sinf o‘quv dasturini o‘zlashtirgan, 68 foizi matematikadan dars berish uchun talab etiladigan minimal bilim darajasiga ega ekan.
Mazkur davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasida ishlayotgan tibbiyot xodimlari faqat 53 foiz holatda bezgak, diareya, zotiljam, sil va diabet singari kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olgan.
O‘zini namoyon qilish bu borada xizmat qilayotgan insonlar vazifasini sidqidildan bajarishiga yetarlicha rag‘bat bo‘lmagan joylarda ham mushkullashadi.
Yuqorida tilga olingan yetti davlatda o‘qituvchilar belgilangan dars soatlarining yarminigina o‘tgan. Ko‘p hollarda muammoning ildizi davlat xizmatchilari ma’muriy-buyruqbozlik avj olgan sharoitda, xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilish mehnat natijasiga emas, balki tanish-bilishlar bilan aloqalarga qarab yuz beradigan sharoitlarda ishlashiga borib taqaladi.
Darvoqe, ijobiy misollar ham bor. Markaziy hokimiyat, mahalliy organlar va xizmat ko‘rsatuvchilarning maqsadlari mushtarak kelsa, mamlakatlar inson kapitalini yaxshilash borasida katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishi mumkin. 2004 yilda Argentinada Jahon banki guruhi ko‘magida amalga oshirilgan Plan Nacer dasturi ana shunday ijobiy samara keltirgan edi.
Dastur tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmagan oilalarga uni olishda yordamlashishni ko‘zda tutgan edi. Unga muvofiq, mablag‘lar hududlarga provinsiyadagi onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarining qamrovi hamda sifatini belgilovchi ko‘rsatkichlar, shuningdek, ushbu xizmatlarni yaxshilashga turtki bo‘luvchi yondashuvlar asosida taqsimlandi. Plan Nacer loyihasi bo‘yicha moddiy yordam olgan provinsiyalarda chaqaloq dunyoga kelganida vazni me’yordan past bo‘lishi ehtimoli 19 foizga kamaydi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda tobora ko‘proq aholi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarining yaxshilanishini talab qilmoqda. Masalan, Peruda fuqarolik jamiyati guruhlari tomonidan tashkil qilingan tashviqot tadbirlari 2006-yilgi saylovlar davrida bolalar masalasining siyosiy munozaralarda dolzarb mavzuga aylanishiga olib keldi.
Siyosatchilar ham, o‘z navbatida, besh yil ichida bolalarda bo‘y o‘sishining sekinlashish hollarini 5 foizga kamaytirish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yib, bunga munosabat bildirdi. Mamlakat bu murakkab vazifani hatto ortig‘i bilan uddalay oldi: 2008-yildan 2016-yilga qadar besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda bo‘y o‘sishining sekinlashish ko‘rsatkichlari taxminan 15 foizga pasaydi. Bu har qanday holatda ham o‘zgarishlarga erishish imkoni borligini ko‘rsatuvchi yaqqol dalildir.
O‘lchov kuchi
Siyosatchilar va byurokratlar o‘z ishini uddalay olmasa, kambag‘al aholi eng ko‘p aziyat chekadi. Ammo odamlarda o‘zlari haqli bo‘lgan xizmatlarni talab qilish usuli bor: bu – shaffoflik. Axborotdan ko‘proq xabardor bo‘lish fuqarolarga yetakchilar va davlat xizmatchilari nimalar qilayotgani va nimalar qilmayotganini bilish imkonini beradi.
Masalan, Ugandada 2005-yilda jamoat tashkilotlari bilan ishlovchi tadqiqotchilar mahalliy tibbiy muassasalar ishini baholash, sifati yuqoriroq bo‘lgan xizmatlarni talab qilishga da’vat etuvchi maxsus kartochkalar chop etishdi. Ushbu oddiy siyosat bilan sog‘liqni saqlash sohasida vaziyatning barqaror yaxshilanishi, jumladan, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘lim holatlari kamayishiga erishildi.
Shunga o‘xshash holat 2001-yilda Germaniyada ham kuzatilgan. Talabalarni baholash xalqaro dasturining hafsalani pir qiluvchi natijalaridan so‘ng PISA shok deb nom olgan tadbir amalga oshirildi – hukumat ta’lim sohasida yirik islohotlar o‘tkazib, ta’limni yaxshiladi.
Ta’limni baholash Tanzaniyada ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 2011-yilda “Twaweza” nohukumat tashkiloti Jahon banki guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda bolalarning bazaviy savodxonligini hisoblash ko‘nikmalarini aniqlashga bag‘ishlangan so‘rov natijalarini chop etdi. Natija ayanchli edi: o‘n nafar uchinchi sinf o‘quvchisidan faqat uchtasi ikkinchi sinf dasturini o‘zlashtirgan, undan ham kam bola ikkinchi sinfga mo‘ljallangan ingliz tilidagi matnni o‘qiy olgan.
O‘sha paytlarda xizmat ko‘rsatish indikatorlari asosida so‘rov natijalari chop etildi. U o‘qituvchilarning kamchiligi va o‘quvchilarning dars qoldirmasligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng ro‘y bergan ijtimoiy aks-sado Tanzaniya hukumati tomonidan o‘qitishning past darajasi muammolarini hal qilishga qaratilgan “Hoziroq yuqori natijalar” dasturi joriy qilinishiga olib keldi.
Ushbu misollar shuni ko‘rsatadiki, inson kapitali rivojlanishi holatining ishonchli tahlilidan keng foydalanish imkoniyati vujudga kelmoqda. Bu tahlil hukumatlarni harakat qilishga undaydi. Jahon banki guruhi tomonidan inson kapitalining asosiy jihatlarini qamrab olish uchun ishlab chiqilayotgan ko‘rsatkichlar mantig‘i ana shunday.
Ushbu o‘lchov inson kapitaliga sarmoya samarasiz bo‘lgan mamlakatlar uchun da’vat bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Biz o‘z harakatlarimizni sog‘liqni saqlash va ta’limga yo‘naltiramiz, asoslarni o‘rganib boramiz. Hozir tug‘ilgan bolalar maktab yoshigacha yashay olarmikan? Agar yashab qolsa, maktabga bora olarmikan? Ular necha yil o‘qiydi? O‘rta maktabni bitirguncha ular sog‘-salomat, kelgusi o‘qish va ishga tayyor bo‘la oladimi?
Ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda yoshlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash borasida katta ishlar amalga oshirilishi kerak. Benin, Burkina-Faso va Kot-d’Ivuarda bugun tug‘ilgan bolalarning 10 foizi o‘zining beshinchi tug‘ilgan kunini hech qachon ko‘rmaydi.
Janubiy Osiyoda surunkali to‘yib ovqatlanmaslik natijasida besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i o‘z yoshiga nisbatan past bo‘yli bo‘lib, bu miya rivojlanishiga putur yetkazadi va o‘qish layoqatiga jiddiy to‘sqinlik qiladi.
Bu ta’lim sohasiga ham tegishlidir. Ta’limning ahamiyatini yaxshiroq anglash uchun Jahon banki guruhi YuNESCOning Statistika instituti bilan hamkorlikda o‘quvchilarning o‘zlashtirishini baholash natijalari bo‘yicha yangi ma’lumotlar bazasini ishlab chiqdi.
Biz 150 dan ziyod mamlakatni qamrab oluvchi bir necha yirik test dasturlari natijalarini PISA baholari bilan qiyoslash maqsadida muvofiqlashtirdik. Ma’lumotlar bazasi ta’lim sohasida ulkan muammolar borligini ko‘rsatdi: rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘quvchilarning qariyb 50 foizi “professionallikning eng past darajasi” deb ataladigan muammoga duch keladi.
Singapurda o‘quvchilarning 98 foizi, Janubiy Afrikada 26 foizi o‘rta maktabda xalqaro bazaviy darajaga erishadi. Boshqacha aytganda, Singapurda o‘rta maktab o‘quvchilarining deyarli barchasi dunyoning istalgan joyida ishlash uchun yetarli malakaga ega. Janubiy afrikalik yoshlarning qariyb to‘rtdan uch qismi savodsiz. Bu inson salohiyatini yo‘qotish.
Bolalar maktabni bitirar ekan, qaysi mamlakatda yashashiga qarab sog‘lig‘i borasida mutlaqo turli istiqbollarga duch keladi. Dunyoning eng badavlat mamlakatlarida 15 yoshli o‘smirlarning qariyb 5 foizi o‘zining 60 yoshligini qarshilay olmaydi. Qashshoq mamlakatlarda 15 yoshli o‘smirlarning 40 foizi 60 yoshgacha vafot etadi.
Ushbu faktlar turli mamlakatlarda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida ulkan tafovutlar borligini ko‘rsatadi. Biz inson kapitalining turli jihatlarini birlashtirish uchun Jahon banki guruhida ularni yagona indeksga yig‘amiz. U ishchilarning kelgusi avlodi mehnati samaradorligining pasayishi nuqtai nazaridan inson kapitaliga investitsiya kiritmaslik oqibatlarini namoyon etadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda inson kapitaliga eng kam sarmoya kiritiladigan mamlakatlarda kelgusida ishchi kuchining samaradorligi, agar odamlar to‘liq sog‘lom bo‘lib, sifatli ta’lim olsa, erishish mumkin bo‘lgan ko‘rsatkich sezilarli pasayib ketadi.
Shu tarzda inson kapitaliga sarmoyadan olinadigan iqtisodiy foydani o‘lchash sog‘liq va ta’lim yaxshilanishining ijtimoiy va ichki qiymatini kamaytirmaydi. Moliya vazirligi, odatda, inson kapitaliga sarmoya kiritishdan ko‘ra, o‘z mamlakatining qarzlari haqida ko‘proq qayg‘uradi.
Jahon banki guruhi inson kapitaliga sarmoya qilish ta’sirining ijobiy natijalarini targ‘ib etib, siyosatchilarni nafaqat bank hisobraqamlari, balki maktablar va kasalxonalardagi holatlar haqida ham qayg‘urishga ruhlantirishi mumkin. Shuningdek, indeks investitsiyalar darajasi pasayib borayotgan mamlakatlar uchun harakatga da’vat bo‘ladi.
Doing Business hisobotidan ko‘rinadiki, keng ko‘lamli o‘lchovlar holatida ham islohotlar har doim amalga oshirilavermaydi. Yuqoridagi indeks davlat rahbarlari va moliya vazirlari oldiga ko‘z yumib bo‘lmaydigan masala qo‘yadi.
Mamlakatlarning qiyosiy tahlili – bu faqat dastlabki qadam. Agar hukumatlar inson kapitaliga qanday sarmoyalar samara olib kelishini aniqlashi amalda bo‘lsa, inson kapitalini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi turli omillarni hisobga olishi zarur bo‘ladi.
Eng yaxshi ko‘rsatkich bu ijtimoiy farovonlik bo‘lib, u ko‘p hollarda yetarli darajada moliyalashtirilmaydi. Jahon banki guruhi amaliy foyda keltirishi mumkin: turli hamkorlarning harakatini muvofiqlashtirishga ko‘maklashish, umumqamrovli axborotlarni to‘plash, siyosatchilarga maslahat berish, texnik yordam ko‘rsatish va samarali choralarni ishlab chiqishga ko‘maklashish.
XXI asrda inson kapitali
Inson kapitalining rivojlanishi odamlar, iqtisodiyotlar, jamiyatlar va butun dunyoda barqarorlik uchun ahamiyatga ega. Bu kelgusi avlodlar uchun ham muhimdir.
Mamlakatlar inson kapitaliga samarali investitsiya qila olmas ekan, ayniqsa, kambag‘allar uchun katta xarajatlar yuzaga keladi. Ushbu xarajatlar kelgusi avlodlarni og‘ir ahvolga solib qo‘yadi.
Katta xarajatlarni talab etuvchi texnologik taraqqiyot tufayli fuqarolari samarali turmush kechirishi uchun zamin yaratishga qodir emaslik, nafaqat yuqori xarajatlar bilan birga kechadi, balki jiddiy tengsizlikni keltirib chiqaradi. Bu esa xavfsizlikka ham tahdid soladi, zero, qondirilmagan talablar tartibsizliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Eng yaxshi ma’lumot – javobning bir qismi, faqat bir qismi, xolos. Birinchidan, agar mablag‘ yetarli bo‘lmasa, hukumat sifatli xizmat ko‘rsata olmaydi. Shu tariqa inson kapitaliga surunkali tarzda investitsiya kiritmaydigan mamlakatlar soliq nuqsonlari va istisnolarini bartaraf etishga, tushumlar yig‘ilishini yaxshilashga va xarajatlarni qayta yo‘naltirishga majbur bo‘ladi.
Masalan, Misr va Indoneziya so‘nggi yillarda energetik subsidiyalarini keskin kamaytirdi va ushbu resurslarni ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirishga qayta yo‘naltirdi.
2012-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan davrda tamaki mahsulotlariga soliqlardan olingan daromad Filippinga sog‘liqni saqlash departamenti budjetini hamda tibbiy sug‘urta bilan qamrab olingan aholi ulushini uch barobar oshirish imkonini berdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Filadelfiya kabi shaharlari gazli ichimliklardan undiriladigan soliqni maktabgacha ta’limni moliyalashda foydalanishga intilmoqda.
Ammo moliyalashtirish hajmini oshirishning o‘zi yetarli emas. Ayrim mamlakatlar ijtimoiy xizmatlar sifatini saqlagan holda, ularning samaradorligini oshirish ustida ishlashga majbur. Masalan, Jahon banki guruhi tomonidan yaqinda Braziliyada o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, mahalliy darajada sog‘liqni saqlash sektorida samaradorlikning oshirilishi YaIMning taxminan 0,3 foiziga teng tejamkorlikni ta’minlashi mumkin.
Boshqa ayrim mamlakatlarda raqobatlashuvchi tomonlarning manfaatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Chilining ta’lim sohasini isloh qilish borasidagi ko‘p yillik tajribasi asosiy maqsadlardan biri: butun e’tiborni ta’lim hamma uchun qoidasiga qaratish yo‘lida siyosiy koalitsiyalar tuzishning muhimligini ko‘rsatdi.
2004-yilda mamlakat islohotlar o‘tkazish va o‘qituvchilarning kasaba uyushmalariga yon berishi orqali o‘qituvchilarga haq to‘lanishiga erisha oldi.
Ish nimadan boshlanishidan qat’i nazar, eng yaxshi o‘lchov hal qiluvchi ahamiyatga ega. Alal-oqibat, siz faqat o‘lchay oladigan narsanigina takomillashtirishingiz mumkin. Aniq-tiniq o‘lchovlargina qanday islohotlar zarurligining barcha tomonidan tushunilishiga olib keladi. Shuningdek, ular ustuvorlik to‘g‘risidagi masalalarga aniqlik kiritishi, foydali muzokaralarga asos bo‘lishi va oshkoralikni kuchaytirishi mumkin.
1949-yilda Jahon banki prezidenti Jon MakKloy shunday yozgan edi: “Taraqqiyot – bu taxtaga chizish, so‘ngra sehrli tayoqcha va dollar bilan hayotga joriy qilish mumkin bo‘lgan narsa emas”.
MakKloyning fikricha, taraqqiyot konsepsiyalari va ularni amalga oshirish o‘rtasida ko‘p hollarda uzilishlar bo‘lgan. Aynan shu uzilishlarni Jahon banki guruhining inson kapitali indeksi yordamida bartaraf etish mumkin bo‘ladi.
Yangi o‘lchovlar mamlakatlarni imkon qadar tezroq inson kapitaliga sarmoya qilishga ishontiradi. Bu barchani kelajak iqtisodiyotiga – u yerda uchrashi mumkin bo‘lgan barcha narsalarda raqobatga va farovonlikka tayyorlaydi. Va bu global tizimga barcha birday amal qilishiga ko‘maklashadi. Inson kapitaliga investitsiya qilishga qodir bo‘lmaslik taraqqiyot uchun, butun insoniyat uchun nihoyatda qimmatga tushadi.
Izoh (0)