Istanbulda 29-oktabr kuni yangi aeroport ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Turkiya transport, kemachilik va aloqa vaziri Ahmad Arslon ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Istanbuldagi yangi aeroport 80 foizga tayyor. 29-oktabr kuni prezident, bosh vazir va ko‘plab mehmonlar ishtirokida uni foydalanishga topshiramiz. Otaturk xalqaro aeroportidan barcha reyslar 48 soat mobaynida unga o‘tkaziladi”, — dedi vazir.
Maydoni 80 million kvadrat metrni tashkil etadigan yangi qo‘nalg‘a dunyodagi eng katta aeroportlardan biri bo‘lishi bildirilmoqda. To‘liq foydalanishga toshirilganidan so‘ng unda 225 ming kishi ishlashi va bir vaqtning o‘zida 114 samolyotni qabul qilishi mumkin.
10,2 milliard dollar investitsiya kiritilgan aeroportdan 350 yo‘nalish bo‘yicha reyslar yo‘lga qo‘yiladi. 25 yil davomida u 22,2 milliard dollar daromad keltirishi kutilmoqda.
Izoh (0)