Qirg‘iziston prezidenti So‘ranbay Jeenbekov O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. O‘zAning yozishicha, oliy martabali mehmon Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ygan.
“Mamlakatimizning bosh maydonida qad rostlagan Mustaqillik va ezgulik monumenti O‘zbekiston tanlagan yo‘l – mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot timsolidir. Ushbu monument teran ma’no-mazmuni, g‘oyaviy-badiiy yechimi bilan O‘zbekistonning tinchliksevar siyosatini, xalqimizning bunyodkorlik va farovonlik yo‘lidagi ezgu intilishlarini o‘zida ifoda etadi”, — deb yozadi O‘zA.
Xabar berishlaricha, So‘ranbay Jeenbekov Mustaqillik maydoni tinchlik, do‘stlik va ezgulikni targ‘ib qilishda, o‘zbek xalqining buyuk kelajakka ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega me’moriy majmua ekanini alohida ta’kidlagan.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti So‘ranbay Jeenbekov Toshkentdagi Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, O‘zbekiston Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirgani haqida xabar berilgan edi.
Jeenbekov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 13-dekabr kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.
Izoh (0)