27-iyun, seshanba kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Ilham Saymanov Toshkent—Nukus reysi orqali uchadigan samolyotga chipta sotuvchilarini tanqid qildi, deya “KRuz.uz” xabar bergan edi.
Bugun, 28-may kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Bosh direktori Valeriy Tyan, tijorat departamenti direktori Dilshod Yo‘ldoshev, aviakompaniya mas’ul xodimlari hamda matbuot xizmati boshchiligida OAV bilan yuqoridagi masala yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda fuqaro Ilham Saymanovning noroziligi mutlaqo o‘rinsiz ekanligi, u aviakompaniya va aviaparvozlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligi haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.
“Il-114” samolyotida 52 ta o‘rindiq bor, lekin parvoz yaxshi amalga oshishi hamda qo‘nish ijobiy bo‘lishi uchun meyorda ko‘rsatilgan vazn ko‘rsatkichlari bor. Bunda havo harorati ham rol o‘ynaydi. Har bir odamning og‘irligi o‘rtacha 100 kilogramm bo‘ladigan bo‘lsa, bu 5,2 tonna demakdir. Ilham Saymanov uchgan samolyotda esa o‘sha kuni 4 tonnagacha og‘irlik ko‘tarish chegarasi belgilangan edi. Bu 40 ta o‘rindiqqa yo‘lovchi olinishi kerak degani. Shundan 16 ta o‘rindiq turli shoshilinch vaziyatlar uchun bron qilinadi. Ular parvozga ikki soat qolgunga qadar band qilinadi. 40 ta chiptadan 30 tasi sotilgan. Samolyot bortida esa 24 yo‘lovchi bo‘lgan, chipta olganlarning 6 nafari parvozni amalga oshirish uchun kelmagan. Bundan bexabar Saymanov esa Facebook’dagi sahifasida hissiyotlarga berilib post qoldirgan. Chiptalarni sotib olishda hech qanday ta’magirlik yo‘q. Men ushbu reysda uchgan barcha yo‘lovchilar bilan shaxsan gaplashdim, siz ham ular bilan aloqaga chiqib chiptalarni qay usulda sotib olganini bilishingiz mumkin”, — dedi tijorat departamenti direktori Dilshod Yo‘ldoshev.
Izoh (0)