Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish masalasiga oid hisobot eʼlon qildi. Tahlilda mintaqadagi rivojlanayotgan davlatlar yuqori daromadli mamlakatlarga yetib olishi uchun qancha muddat kerakligi taxmin qilingan.

Hisobotda keltirilishicha, mintaqadagi uchta davlat aholi jon boshiga daromadi yuqori mamlakatlar (14 ming dollardan ko‘p) darajasiga yetishi uchun 100 yildan ortiq vaqt kerak. Ular: O‘zbekiston, Ozarbayjon va Tojikiston.
Prognoz mamlakatlarning oxirgi o‘n yillik iqtisodiy o‘sish surʼatlariga asoslanadi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘z hisob-kitoblaridan kelib chiqib yozishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida jon boshiga daromadlar Qozog‘istonda 2026-yilda 14 ming dollardan o‘tadi. Turkmaniston bu ko‘rsatkichga 2034-yilda, Tojikiston 2037-yilda, O‘zbekiston esa 2042-yilda yetishi mumkin. Yaʼni O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yildagi o‘rtacha o‘sish bilan mintaqada bu darajaga eng oxirgi yetadigan mamlakat bo‘ladi.
Jahon banki hisobotida qayd etilishicha, 2025-yilda (2026-yilda ham) O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi 5,9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, 2024-yilda respublikada aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulot hajmi 3 092 dollarni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkich 2023-yil bilan taqqoslaganda 4,4 foizga oshgan.
Mamlakat 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Izoh (0)