Donald Trampning yonida Rossiyani yaxshi biladigan odamlar deyarli yo‘q. Shu sababli Amerika ekspertlar hamjamiyati Rossiya yetakchisi Vladimir Putin va Tramp o‘rtasida 15-avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvni xavotir bilan kutmoqda. Bu haqda Financial Times nashri yozdi.

Manbaga ko‘ra, ko‘pchilik 2018-yilda Xelsinkida bo‘lib o‘tgan Tramp va Putin uchrashuvini eslaydi. Mutaxassislar, siyosatchilar va jurnalistlarning deyarli bir ovozdan bergan bahosiga ko‘ra, o‘sha paytda Tramp muzokaralarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Amerika prezidenti Putin bilan uchrashuvda birorta muhim mavzuni ko‘tarmagan va o‘zini Putindan past tutgan.
O‘sha paytda Trampning Rossiya bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Fiona Xill keyinroq tan olishicha, sammit yakunidagi qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida rahbarining gaplaridan shu qadar dahshatga tushganki, uni to‘xtatish uchun o‘zining tutqanoq xurujini soxtalashtirish haqida ham o‘ylagan.
Nashrning yozishicha, bu safar amerikaliklar tomonidan tayyorgarlik nuqtayi nazaridan vaziyat yanada yomonroq bo‘lishi mumkin. Tramp ikkinchi muddatga saylangach, maslahatchilarni tajribasiga qarab emas, balki sadoqatiga qarab tanlamoqda. Shuningdek, u AQSH Milliy xavfsizlik kengashida katta tozalashlar o‘tkazgan. Oqibatda Rossiya va Ukraina bo‘yicha ekspertlar ishdan bo‘shatilgan yoki o‘zlari ketgan. Hozirgi ma’muriyatda esa Kreml bilan mazmunli suhbat olib borishga qodir birorta ham odam yo‘q.
Ilgari bunday uchrashuvlarga haftalab tayyorgarlik ko‘rilgan. Milliy xavfsizlik kengashi barcha idoralardan ma’lumot to‘plab, prezidentning har qanday savol yoki izohga qanday javob berishini rejalashtirgan. Bu idoralar ichida eng muhimlaridan biri Davlat departamenti edi. Biroq iyul oyida Davlat departamentidan Rossiya va Ukrainani kuzatib boruvchi tahlilchilar va yana 1300 kishi bo‘shatilgan. Xizmatda qolganlar AQSHda siyosiy ruh hech qachon hozirgidek past bo‘lmaganini aytgan.
Bundan tashqari, AQSHning na Rossiyada, na Ukrainada elchisi bor. Davlat kotibining Yevropa ishlari bo‘yicha yordamchisi lavozimi ham bo‘sh qolmoqda. Rossiya bilan asosiy muzokarachi rolini prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff bajaradi. U parallel ravishda Yaqin Sharq bilan ham shug‘ullanadi. Uitkoff 2025-yilgacha diplomatik tajribaga ega bo‘lmagan qurilish sohasidagi tadbirkor edi.
Trampning sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltonning aytishicha, Xelsinki sammiti oldidan u samolyotda prezidentga yadro quroli haqida biror narsani tushuntirishga uringan. Biroq Tramp televizorda futbol ko‘rishni afzal ko‘rgan. Hozirda esa Alyaskaga uchadigan samolyotda Bolton yoki shu darajadagi siyosatchi yo‘q. Trampning eshitish madaniyati yomonligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Oq uydagilar shtat qisqarishi ishning tezlashishiga va samaraliroq bo‘lishiga olib kelishini aytmoqda. Tramp esa iste’dodli jamoadan maslahat olayotganini ta’kidlab keladi. Marko Rubio bir vaqtning o‘zida davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi vazifasini bajaradi. Bundan oldin bu ikki lavozimni birlashtirgan yagona odam Genri Kissinjer bo‘lib, u 1973–1975-yillarda ikkita lavozimda ishlagan. Rubio esa Kissinjerdagi tajriba va obro‘-e’tibordan yiroq siyosatchi.
Nashrning urg‘ulashicha, Alyaskadagi uchrashuv oldidan ham umumiy tashqi siyosatda Tramp faktlar, ekspertiza va tayyorgarlikdan ko‘ra ko‘proq o‘z tuyg‘ulari va shaxsiy munosabatlariga tayanmoqda. Buni Trampning Putin bilan suhbatning dastlabki ikki daqiqasida urushni tugatish mumkinmi yoki yo‘qligini anglashga bergan va’dasi ham isbotlaydi.
Xuddi shu ekspertlar ta’kidlashicha, Putin juda tajribali siyosatchi va muzokarachidir. U har doim mavzuni puxta biladi, suhbatdoshlarini mayda gaplardan tutib oladi. Rossiya prezidenti Tramp doimo tayanadigan xarizma ta’siriga berilmaydi. Financial Times suhbatdoshlari buni ochiq aytishni afzal ko‘rmasalar-da, Putin xuddi 2018-yilda Xelsinkida bo‘lgani kabi Trampni osonlikcha yengib ketishi aniq.
Tramp esa nashr maqolasini “adolatsiz” deb atadi. U maqolaga fikr bildirgan Jon Boltonni “ishdan bo‘shatilgan omadsiz” va “juda ahmoq” deya ta’rifladi. Biroq uning gaplarida hech qanday asosli e’tiroz yo‘q edi.
Izoh (0)