Amerika Qo‘shma Shtatlar Suriyaning yangi rahbariyatiga Damashqning etnik-diniy ozchiliklarga nisbatan siyosatini o‘zgartirish sharti bilan ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishda yordam taklif etdi. Bu tashabbus 12-avgust kuni Ummonda bo‘lib o‘tgan Suriya, AQSH va Iordaniya vakillarining uch tomonlama uchrashuvida ilgari surildi. Bu haqda The National gazetasi o‘z manbalariga asoslanib xabar bermoqda.

“Amerikaning g‘oyasi Damashq siyosatini o‘zgartirishga ko‘maklashadigan davlatlar guruhini shakllantirishdan iborat. Hatto Isroil ham, Suriyadagi vaziyatning yanada beqarorlashuvini hech kim istamaydi”, dedi nashr suhbatdoshlaridan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Arab Respublikasi hukumati va xavfsizlik organlarini shakllantirishda yanada keng qamrovli yondashuvdan foydalanishni taklif qilmoqda. Vashington Suriya rahbariyatidan jangarilarni kuch tuzilmalaridan chiqarib tashlashini, qurolli guruhlar faoliyatini cheklashini va davlat lavozimlaridagi sobiq dala qo‘mondonlarini professional boshqaruvchilar bilan almashtirishini kutmoqda. Bundan tashqari, Amerika tomoni Damashqqa bo‘ysunuvchi bo‘linmalarni o‘tgan oyda badaviylar va druzlar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan janubiy Suvayda viloyatidan olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, mahalliy aholiga normal hayotga qaytish imkoniyatini berish AQSHning asosiy talabiga aylangan.
Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar Suvaydada o‘t ochishni to‘xtatish rejimini mustahkamlash uchun ishchi guruh tuzishga kelishib olishgan.
13-iyul kuni Suriyaning janubiy Suvayda viloyatida druzlar va sunniylarning mahalliy musulmon badaviy qabilalari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Hukumat qo‘shinlari tartibni tiklash uchun vaziyatga aralashdi, ammo oxir-oqibat druzlarga qarshi badaviylar tomonini oldi.
Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a o‘n minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan janglarni bostirish uchun viloyatga yana qo‘shin kiritishini ogohlantirdi.
Isroil druzlarni himoya qilib, hukumat kuchlari ustunlariga o‘nlab havo hujumlari uyushtirdi. Shuningdek, Damashq markazidagi Suriya Mudofaa vazirligi qarorgohi binolariga hujum qildi.
Suriya ma’muriyati Suriyada darhol kuchga kiradigan umumiy to‘xtatish rejimini joriy etilganini tasdiqladi.
Izoh (0)