O‘zbekistonda joriy yil 30-iyuldan 30-avgustgacha “Vatanga qaytarish” xayriya gumanitar aksiyasi amalga oshirilmoqda. Aksiya doirasida Saudiya Arabistonida oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik R.G. vatanga qaytarildi. Bu haqda 13-avgust kuni “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, o‘zbekistonlik Dammam shahrida uzoq yildan beri istiqomat qilib kelgan. Shu davr mobaynida xorijlik turmush o‘rtog‘ining g‘ayriinsoniy tazyiqi ostida qolgan. R.G. elchixonaga O‘zbekistonga qaytarishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.
O‘zbekiston elchixonasi va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida amalga oshirilgan ishlar natijasida R.G.ning mamlakatdan chiqishi uchun viza rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng u Dammam—Sharja—Toshkent aviareysi bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
“Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasidan chet ellarda og‘ir sharoitda qolgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish maqsad qilingan. Rejaga asosan, avvalo Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Koreyadagi deportatsiya markazlarida bo‘lib turgan ayollar va bolalar vatanga qaytariladi.
Xorijda og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan fuqarolar konsullik muassasalari yoki Migratsiya agentligi vakolatxonalari xulosasi asosida O‘zbekistonga olib kelinadi. Vatanga qaytarilgan fuqarolarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi. Ular davlat tomonidan taqdim etilayotgan maqsadli subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi.
Fuqarolarni qaytarish bilan bog‘liq transport xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Maʼlum qilinishicha, elchixona va konsulliklar 7-avgustgacha chet davlatlar deportatsiya markazlaridagi o‘zbekistonlik fuqarolarni aniqlaydi. Keyin ro‘yxatni Migratsiya agentligiga taqdim etadi.
15-avgustgacha shaxsiy maʼlumotlari yetarli bo‘lmaganlar uchun zarur hujjatlarni tayyorlab, ikkinchi ro‘yxatni agentlikka yuboradi.
Migratsiya agentligi taqdim etilgan ro‘yxat asosida 1–3 ish kuni ichida aviachiptalarni xarid qiladi.
Fuqaro migratsiya agentligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilsa, agentlik xodimlari 1–2 soat ichida u bilan bog‘lanadi. Hujjatlarni masofaviy qabul qiladi. Arizani bir kun ichida ko‘rib chiqib, ikki kun muddatda yo‘l chipta bilan taʼminlaydi.
Mahalliy hokimliklar, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitalari, vatanga qaytarilgan fuqarolarni ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy moslashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Izoh (0)