Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy Qizil dengizdagi ikki kimsasiz orolni Saudiya Arabistoniga topshirishni nazarda tutuvchi bitimni ma’qulladi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Tiran va Sanafir orollarining Saudiya Arabistoniga topshirilishi o‘tgan hafta Misr parlamenti tomonidan ma’qullangan hamda mamlakat mustaqilligi tarafdori hisoblangan misrliklarning noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
Biroq prezident as-Sisiy Saudiya Arabistonini muhim ittifoqchi sifatida ko‘rmoqda, deb yozadi Reuters agentligi.
Saudiya Arabistoni va Misr o‘rtasida orollar borasidagi bitim o‘tgan yili imzolangan edi. Qohira 1950-yilda qo‘lga kiritilgan Tiran va Sanafir orollarini Saudiya Arabistoniga tegishli, deb tan olgan edi.
Misr Oliy sudi hududlarning Saudiyaga topshirilishi loyihasini qat’iy rad etib, buning uchun yetarlicha asos yo‘qligini ta’kidlab kelayotgan edi. Biroq 21-iyun kuni Oliy sud rahbari bitim yuzasidan chiqarilgan avvalgi sud qarorlar ijrosini to‘xtatib qo‘ydi.
Izoh (0)