Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp mamlakatga import qilinadigan Hindiston mahsulotlariga 25 foiz, Braziliya mahsulotlariga esa 50 foiz boj kiritish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Farmon mazmuniga ko‘ra, Hindiston va Braziliya Rossiyaning neft mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali xarid qilayotgani sababli yuqori foizdagi boj stavkalariga duchor bo‘lgan.

Besh bosqichli savdo muzokaralaridan so‘ng hindistonlik rasmiylar AQSH bilan foydali kelishuvga erishilishiga ishongan edi. Ular ommaviy axborot vositalariga boj stavkalari 15 foiz darajasida belgilanishi kutilayotganini bildirgan. Hindistonlik rasmiylar bu stavkalarni Trampning o‘zi 1-avgust kuni e’lon qilishiga umid qilgan, biroq AQSH prezidenti bu borada hech qanday bayonot bermadi.
Ta’kidlanishicha, Dehli AQSH tomonidan hind mahsulotlariga 25 foizlik yangi boj joriy etilganidan hayratda qolgan. Tramp esa bu orada Yaponiya va Yevropa Ittifoqi bilan yirik savdo bitimlarini yakunlagan. Hatto yillar davomida AQSH bilan yaxshi aloqalarga ega bo‘lmagan Pokistonga ham bundan pastroq stavkada boj joriy etilgan.
Ikki tomon rasmiylarining ta’kidlashicha, siyosiy xatolar, o‘zaro tushunmovchilik va ranjishlar oqibatida 190 milliard dollarlik savdo kelishuvi barbod bo‘lgan.
Rossiya arzon neftining asosiy xaridorlaridan biri bo‘lgan Xitoyga nisbatan esa Tramp farmonida bir og‘iz ham so‘z yuritilmagan.
Izoh (0)