Sirdaryoda Cobalt olib qochgan ikki yigitni IIB xodimi Bo‘ka tumanida to‘xtatishga uringan. Yigitlar xodimni pichoqlab, uning Matiz’ini haydab ketgan. Keyinroq to‘xtash ishorasini bergan YPX inspektorini mashinada urib yuborgan.

“Kun.uz” manbasiga tayanib xabar berishicha, holat 2025-yil 2-avgust kuni sodir bo‘lgan. Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi F.Sh. hamda F.X. (ikkisi ham 2007-yilda tug‘ilgan) Namangan viloyatiga ketish maqsadida Samarqand shahridan yo‘lovchi sifatida fuqaro A.N. boshqaruvidagi Cobalt mashinasiga mingan. Sirdaryo viloyati hududida haydovchi hojatxonaga kirib ketganida ikki yigit mashinani olib qochgan.
Soat 3:15 da Sirdaryo viloyati IIB 102 xizmatiga Oqoltin tumani hududidagi gaz zapravkadan Cobalt nomaʼlum shaxslar tomonidan olib qochilgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan viloyat hududidagi barcha YPX inspektorlari, YPX maskanlari va blok-postlar ogohlantirilgan. Mavjud kameralardan o‘g‘irlangan mashinaning harakat yo‘nalishini aniqlash ishlari olib borilgan. Biroq jinoyatchilar mashinaning davlat raqam belgisini yechib harakatlangan.
Sayxunobod tumani hududidagi Bo‘ka blok-postida xizmat olib borayotgan YPX inspektoriga ushbu holat darhol yetkazilib, tegishli topshiriq berilgan. Soat 04:24 da ushbu blok-postga davlat raqam belgisi bo‘lmagan oq rangli Cobalt mashinasi kirib kelgan. YPX inspektori uni to‘xtatib, hujjatlarini so‘ragan. Mashinani boshqarib borayotgan haydovchi hujjatlarni taqdim etib, postdagi yopiq holda turgan ikkinchi yo‘lakdan mashina boshqarib, nomaʼlum tomonga ketib qolgan.
Gumonlanuvchilar olib qochilgan mashinada Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida harakatlanib ketayotganida ularni Bo‘ka tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili N.Sh. ko‘rib, ushlashga uringan. Ammo ulardan biri xodimning bo‘yniga pichoq bilan jarohat yetkazgan. So‘ngra yigitlar o‘zlari olib qochgan Cobalt’ni o‘sha yerda qoldirib, xodimning Matiz mashinasini haydab, qochib ketgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar Toshkent viloyati Ohangaron tumanida harakatlanib ketayotganida ularga YPX inspektori X.D. to‘xtash ishorasini bergan. Biroq ular inspektorning talabiga bo‘ysunmay, uni mashinada urib yuborib, yo‘lda davom etishgan. Inspektor esa oyog‘idan jarohatlanib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi shaxslar Ohangaron shahri hududida ushlangan.
Izoh (0)