Toshkent shahri Olmazor tumanida nafaqaxo‘r qarindoshining nomiga, uni aldab onlayn kredit olgan fuqaro aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, M. ismli shaxs nafaqa yoshida bo‘lgan qarindoshining nomiga uning xabarisiz, 35 million so‘m onlayn kredit rasmiylashtirib olgan. Ushbu mablag‘lar joriy yilning may-iyun oylarida ikkiga bo‘lib bank kartasiga o‘tkazib olingan va fuqaro pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan.

“O‘zimga ishongandek ishongandim, o‘z bolamdek ko‘rgandim. Klik qilib olaman deb mening rasmimni bankka jo‘natibdilar. “Dokument”ni juda ehtiyot qilish kerak ekan”, degan jabrlanuvchi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qism “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Taʼkidlash joiz, ushbu jinoyatni sodir etganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Izoh (0)