Xorazmda 100 dan ortiq ishchilarga maoshlari to‘lanmay kelgani maʼlum bo‘ldi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar qildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan “WBM Qo‘shko‘pir Klaster” MCHJ korxonasi faoliyatida mehnat huquqlari buzilishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, ushbu korxonada joriy yilning shu davriga qadar 119 nafar xodimga ish haqlari to‘lanmay kelgan. Mazkur xodimlarga 1 milliard 310 million so‘m miqdorida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undirib berildi.
Joriy yilning birinchi yarmida 10 501 nafar xodimning 129 milliard 769 million so‘m oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari undirib berilgandi.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishi lozimligi qatʼiy belgilangan. Agar ish haqi kechiktirilsa, xodimga kechiktirilgan har bir kun uchun penya, yaʼni foiz hisobida qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi shart.
Izoh (0)