Andijon shahrida fuqaro farzandi voyaga yetguncha bo‘lgan muddat uchun aliment to‘lovini amalga oshirdi. Bu haqda 6-avgust kuni Majburiy ijro byurosi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.A.dan undiruvchi O.M. foydasiga bir nafar farzandining taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ijro hujjati MIB Andijon shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochilari tomonidan tegishli harakatlar amalga oshirilgan.
“Qarzdor farzandini 18 yoshgacha taʼminlash uchun mo‘ljallangan aliment to‘lovlarini oldindan to‘lash istagini bildirdi. Taraflar o‘rtasidagi kelishuv asosida undiruvchi sobiq turmush o‘rtog‘idan 1,2 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi 10 yillik alimentni oldindan olganligini maʼlum qilib, bu haqda tilxat taqdim etdi”, deyiladi manbada.
Konstitutsiyaning 77-moddasiga binoan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, tarbiyalashi, taʼlim olishini taʼminlashi zarur.
Avvalroq Nukus shahrida ota farzandining 18 yoshiga qadar to‘lashi kerak bo‘lgan alimentini oldindan qoplab bergani xabar qilingandi. Jami 2,2 mlrd so‘mlik to‘lov MIB tarixida eng yirik aliment bo‘lgan.
Izoh (0)