Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri, 2 million dollarlik poraxo‘rlikda ayblanib hibsga olingan Aleksey Ulyukayev ikki oyga uy qamog‘iga mahkum etildi, deb yozadi “RBK” Moskvaning Basman tumani sudi qaroriga tayanib.
Sudya Artur Karpovning qaroriga ko‘ra, vazir Moskvadagi xonadonidan tergovchining ruxsatisiz chiqib keta olmaydi, shuningdek, aloqa vositalaridan foydalana olmaydi. U bilan faqat yaqin qarindoshlari muloqot qila oladi.
Sud majlisi chog‘ida tergovchi Roman Nesterov Ulyukayevning jinoyatga aloqadorligi isbotlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 million dollarlik pora Ulyukayev o‘z vazirlik vakolatlari doirasida amalga oshirishi kerak bo‘lgan harakatlar uchun olingan.
Avvalroq Aleksey Ulyukayev unga cheklash chorasi sifatida chetga chiqishni taqiqlashni so‘ragan, negaki u 84 va 85 yoshli ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishi lozimligini aytgan edi. Ulyukayev, shuningdek, tergov bilan maksimal darajada hamkorlik qilish niyatini bildirdi.
Izoh (0)