O‘zbekistonda 8—10-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida xorijiy kompaniya va hamkorlar bilan amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, shunday muzokaralarning birida “Agro-Layn” va X5 Retail Group o‘rtasida 117 million dollarlik shartnoma imzolandi. Bu haqda “O‘zagroeksport” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
X5 Retail Group va “O‘zagroeksport” kompaniyalari o‘rtasidagi muzokaralar bir necha oy davom etdi. Iyul oyida X5 Retail Group vakillari respublika hududlariga tashrif buyurib, taklif etilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari sifatini baholagan hamda salohiyatli yetishtiruvchilar bilan tanishgan edi.
X5 Retail Group Rossiyaning oziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdo qiluvchi yetakchi kompaniyasidir. U “Pyatyorochka” do‘konlari, “Perekryostok” supermarketlari, “Karusel” gipermarketlari hamda “Perekryostok Ekspress” kabi do‘konlar tarmoqlarini boshqaradi.
Ta’kidlanishicha, shu yil boshidan beri, O‘zbekistondan Rossiyaga eksport qilingan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari hajmi ikki martaga oshdi.
Izoh (0)