Falastinning HAMAS harakati Isroil qo‘shinlarini kelishilgan joylarga olib chiqish evaziga G‘azo sektoridagi jangchilarini chiqarishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Al Arabiya telekanali manbalarga asoslanib ma’lum qildi.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, harakatning Qohiradagi delegatsiyasi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ehtimoliy kelishuv talablarini Misr vositachilariga topshirgan.
“HAMAS Isroilni kelishilgan joylarga qaytarish evaziga o‘z jangchilarini chiqarishga tayyorligini bildirdi va garovdagilarning hayotini saqlab qolishga sodiqligini ta’kidladi”, deydi manbalar.
Ularning aytishicha, harakat “Isroil bilan G‘azoni bosib olish rejalarini to‘xtatish” va harbiy harakatlar qayta boshlanmasligi bo‘yicha xalqaro kafolatlarni o‘z ichiga olgan yozma kelishuvni talab qilgan.
Shuningdek, manbalar Misr avgust oyi oxirigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan G‘azo bo‘yicha keng qamrovli kelishuv rejasini ishlab chiqayotganini ta’kidlagan.
Misrning “Al-Qohira al-Ixbariya” telekanali manbaga tayanib xabar berishicha, HAMAS delegatsiyasi Qohirada Misr razvedkasi rahbari Hasan Rashid bilan uchrashgan va o‘t ochishni to‘xtatish hamda sulh bo‘yicha muzokaralarga tezroq qaytishdan manfaatdorligini bildirgan. Manbaning aytishicha, Qohiradagi uchrashuvlarda 60 kunlik vaqtinchalik sulhga erishish yo‘llari muhokama qilinmoqda.
Izoh (0)