Amerika Qo‘shma Shtatlarining birinchi xonimi Melaniya Tramp sobiq prezident Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenga milliard dollardan ortiq mablag‘ talab qiluvchi sud da’vosi ochish bilan tahdid qildi. Bu haqda Fox News telekanali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Xanter Bayden avgust oyining boshida jurnalist Endryu Kallaxanga intervyu bergan. Xanter suhbat davomida moliyachi Jeffri Epshteynga oid, hali e’lon qilinmagan hujjatlar AQSH prezidenti Donald Trampning qilmishlarini fosh qilishini aytgan.
“Epshteyn Melaniyani Tramp bilan tanishtirgan. Ularning aloqalari shu qadar keng va chuqur”, degan sobiq prezidentning o‘g‘li.

Birinchi xonimning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Alekandro Brito Xanter Baydenni “yolg‘on, obro‘sizlantiruvchi va hurmatsiz” bayonotlaridan voz kechishga chaqirgan.
“Bu talab bajarilmasa, Melaniya Tramp siz unga yetkazgan ulkan moliyaviy va obro‘ yo‘qotish zararini qoplash uchun o‘zida mavjud barcha qonuniy huquq va vositalardan foydalanishdan boshqa chorasi qolmaydi”, degan advokat.
Alekandro Britoning qayd etishicha, Baydenning iddaolarini ko‘plab OAV va millionlab obunachilarga ega ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tarqatgan.
Melaniya Tramp vakillarining bayonotida aytilishicha, Baydenning iddaolari Trampning tanqidiy biografiyasini yozgan jurnalist Maykl Vulfning so‘zlariga asoslangan. Vulf The Daily Beast nashriga bergan intervyusida Melaniya, Epshteyn va Tramp bilan aloqador bo‘lgan bir kishi bilan tanish bo‘lganini aytgan. Voqea Melaniyaning Donald Tramp bilan tanishgan davriga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik The Daily Beast ushbu materialni o‘chirib tashlagan.
Melaniya Tramp 2005-yilda Donald Trampga turmushga chiqqan. Harper’s Bazaar nashrining 2016-yil yanvarda yozganlariga tayanilsa, Melaniya Tramp bilan 1998-yil noyabr oyida model agentliklaridan birining egasi uyushtirgan kechada tanishgan.
Ta’kidlanishicha, Donald Tramp chindan ham Epshteyn bilan tanish bo‘lgan. Biroq 2000-yillarda moliyachi uning golf-klubi xodimlarini o‘ziga og‘dirgan. Shundan so‘ng, Tramp u bilan aloqalarini uzganini aytgan. Hozircha Tramp va Melaniyani Epshteyn tanishtirganiga oid hech qanday dalil yo‘q.
Moliyachi Jeffri Epshteyn odam savdosi va ularni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, u voyaga yetmagan qizlardan jinsiy xizmatlar olib, ularni ta’sir doirasi kuchli shaxslarga berib turgan. Epshteynga 45 yilgacha qamoq jazosi tahdid solgan. Milliarder aybini tan olmagan. Moliyachini 2019-yil 7-iyulda hibsga olishgan. Biroq u hibsga olinganiga bir oy bo‘lganida Nyu Yorkdagi qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan.
Donald Tramp bir necha bor Epshteyn mijozlar ro‘yxatini tuzganini va unda voyaga yetmaganlarni jinsiy aloqa uchun olgan shaxslar borligini aytgan. Tramp bu ro‘yxatda demokratlar ham bo‘lishi mumkinligini bildirgan. U prezidentlikka qaytadigan bo‘lsa, ro‘yxatni e’lon qilishga va’da bergan. Keyinchalik Tramp ma’muriyati bunday ro‘yxat mavjud emas, degan.
Avvalroq, AQSH Adliya vazirligi xodimlari moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarni o‘rganib chiqib, ularda Donald Trampning nomi bir necha bor qayd etilganini aniqlagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Epshteyn aslida kimligi va uning mijozlari ro‘yxatida kimlar bo‘lishi mumkinligi haqida katta tahliliy maqola ham e’lon qilingan.
Izoh (0)