Rim papasi Fransisk Ozarbayjonga bir kunlik tashrif bilan yetib keldi. Bokuning Haydar Aliyev nomidagi Xalqaro aeroportida Rim-katolik cherkovi yetakchisini Ozarbayjon bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Ayyubov, mamlakatning boshqa rasmiylari va mahalliy katolik ruhoniylari vakillari kutib oldi, deb yozadi “TASS”.
Pontifikka Vatikan davlat kotibi, kardinal Pyetro Parolin boshchiligidagi cherkov ruhoniylari, shuningdek, jahon jurnalistlarining katta guruhi hamrohlik qilmoqda.
Papa Fransiskning Bokuga bir kunlik tashrifining deyarli har bir daqiqasi rejalashtirilgan. 2-oktabr tongda Tbilisidan Bokuga yetib kelgan pontifik darhol mahalliy katolik cherkoviga yo‘l oladi. U yerdagi ibodatda ming nafargacha dindor ishtirok etadi. Ibodatxonada 430 ta o‘tiradigan joy o‘rnatilgan. Yana 500 kishi ibodatxona hovlisidan joy olishi mumkin.
Kunning ikkinchi yarmida Rim papasining Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, pontifikning Kavkaz musulmonlar boshqaruvi raisi Allohshukur Poshshozoda va Ozarbayjon diniy jamiyatlari rahbari bilan uchrashishi kutilmoqda.
Izoh (0)