Parij ma’muriyati atrof muhitni sog‘lomlashtirish va ko‘chalarda avtomobillar sonini kamaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda. Bu safar Fransiya poytaxti meriyasi parijliklar hamda Il-de-Frans poytaxt mintaqasi aholisiga bir haftaga avtomobillardan voz kechishni taklif qildi. Tegishli chaqiriqni ma’muriyat matbuot xizmati tarqatdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Mashinasiz yetti kun: Parij Il-de-Frans aholisini bu chaqiriqni qabul qilishga va bir haftaga atrofni ifloslantiruvchi transport vositasidan voz kechishga undaydi”, — deyiladi hujjatda.
Loyiha poytaxt meriyasi tomonidan Atrof-muhit va energiya milliy agentligi (ADEME) bilan hamkorlikda tayyorlandi. Aksiya tashabbuskorlarining g‘oyasiga ko‘ra, bu “ko‘ngilochar va ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan tadbir”ga aylanishi lozim. Unda hamma o‘z xohishiga ko‘ra ishtirok etishi mumkin.
“Ishtirokchilar o‘zlari uchun muqobil transport vositalarining ustunliklarini kashf etadi”, — ta’kidlaydi tashkilotchilar.
Parijdagi ekologik tajriba 19–25-sentabr kunlari o‘tkaziladi. Avtomobil va mototsikl haydovchilari o‘z arizalarini 2-sentabrga qadar kiritishi lozim.
Izoh (0)