CNN telekanali boshlovchisi Keyt Bolduin yangiliklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri efiri chog‘ida aviazarba oqibatida jarohat olgan suriyalik 5 yoshli Omran Daknish haqida hikoya qila turib, yig‘lab yuborishiga sal qoldi. Bu haqda Tjournal xabar bermoqda.
Bolakay bombardimondan so‘ng omon qoldi va tez tibbiy yordam mashinasiga yetkazildi. Bolduin dunyoning aksariyat joylarida besh yoshli bolalar yaqinda maktabga borishi, Omran esa tirik qolish uchun harakat qilishga majbur ekanligini taassuf bilan ta’kidladi.
Shundan keyin u chuqur nafas oldi va Omran haqidagi hikoyani davom ettirdi.
“Biz bu aviazarba ortida kim turganini bilmaymiz. U va uning oilasi tiriklayin olib chiqildi, ammo uylaridan faqat vayronalar qoldi”, — dedi jurnalist.
Keyin teleboshlovchi yana bir marta tin oldi va reportajni quyidagi so‘zlar bilan yakunladi: “Bu Omran. U tirik. Biz shunchaki siz bu haqda bilishingizni istaymiz”.
OAV Omranni Suriyadagi urush timsoli deb atamoqda. The Telegraph muxbiri Rafael Sanches tomonidan olingan uning surati esa ijtimoiy tarmoqlar orqali tezda tarqalib ketdi.
Izoh (0)