Noma’lum shaxsning Los-Anjelesdagi (AQSh, Kaliforniya shtati) uylardan biriga avtomobilida kelib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va 8 kishi jarohat oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Associated Press manbalariga ko‘ra, sedanni boshqargan haydovchi yuqori tezlikda diniy yig‘inlar uchun to‘planiladigan joy vazifasini o‘tagan uyga bostirib kirgan. Hodisa paytida binoda Injil o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lgan asosan keksa yoshdagi kishilar to‘plangandi. Mashina devorni buzib, imoratning ichiga to‘liq kirib ketgan.
Uyda bo‘lgan bir necha kishi avtomobil tomonidan qisilib qolgan, ularga qutqaruv xizmati xodimlari yordam ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Jabrlanganlardan ayrimlari kasalxonaga yotqizildi.
Avtomobil haydovchisi hodisa joyidan yashirindi. U qasddan harakat qilgani yoki boshqaruvni uddalay olmagani hozircha noma’lum.
Izoh (0)