Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hukumatga 22 yoshgacha bo‘lgan ukrainaliklar uchun davlat chegarasidan o‘tishni soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda RBK Ukraina nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy bu haqda “Ukraina yoshlar forumi — 2025” tadbirida ma’lum qilgan.
“Hozirgi vaqtda 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun imtiyozlar mavjud. Men bu chegarani 22 yoshgacha oshirishni taklif qilaman, shunda (chegaradan o‘tishda — tahr.) hech qanday cheklov bo‘lmaydi”, — degan prezident.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, bu tashabbus ko‘plab ukrainaliklarga Ukraina bilan aloqalarni saqlab qolish va mamlakatda ta’lim olish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, urush sharoitida 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga Ukrainani sababsiz tark etish taqiqlangan. Harbiy safarbarlik davrida esa ayrim ukrainaliklarga chet davlatlarga chiqish huquqi beriladi. Biroq bu barcha fuqarolarga taalluqli emas.
Xususan, chet elga chiqish huquqiga quyidagilar ega:
- nogironligi bo‘lgan erkaklar;
- birinchi yoki ikkinchi guruh nogiron ota-onasiga hamroh bo‘layotganlar;
- uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor erkaklar;
- voyaga yetmagan nogiron farzandi bor ota-onalar;
- boshqa ayrim toifalar.
Har bir holat bo‘yicha chiqish shartlari farq qiladi va shunga qarab hujjatlar jamlamasi tayyorlanadi.
Shuningdek, Ukraina oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ham akademik mobillik dasturlari bo‘yicha bir semestrga chet elga chiqishi mumkin. Ammo bu imkoniyat ham barcha talabalar uchun emas. Buning uchun tanlovdan o‘tish lozim bo‘ladi.
Izoh (0)