Isroil G‘azoni bombardimon qilishni kuchaytirdi. 24 soat ichida kamida 89 falastinlik, jumladan, oziq-ovqat uchun navbatda turgan 15 kishi o‘ldirildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.

G‘azo fuqarolik mudofaasi agentligining maʼlum qilishicha, Isroilning G‘azo shahriga havo hujumlari Binyamin Netanyaxu urushni kengaytirish rejalarini tasdiqlaganidan keyin uch kun ichida kuchaygan.
Hududning janubida besh kishi, er-xotin va ularning bolasi Isroil havo hujumi natijasida Xon Yunis shahridagi uyida va yana to‘rt kishi yaqin atrofdagi chodir qarorgohiga berilgan zarbadan halok bo‘ldi.
Fuqarolik mudofaasi agentligi matbuot kotibi Mahmud Bassalning aytishicha, Zaytun va Sabra turar joy mahallalarida ham fuqarolarning uylari hamda ko‘p qavatli binolar nishonga olinib, kuchli havo hujumlari uchragan.
“Vayronalar ostida shahidlar bor, ulargacha hech kim yeta olmaydi, chunki otishmalar to‘xtamagan”, deydi Zaytun shahrida yashovchi Majed al-Hosariy.
Bundan tashqari, ochlikdan vafot etayotganlar soni ortib bormoqda. Bir kunda 5 kishi, jumladan, ikki bola ochlikdan vafot etgan. 2023 yilning 7 oktyabridan beri ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida halok bo‘lganlar soni esa 227 kishiga yetdi, ularning 103 nafari yosh bolalardir.
Izoh (0)