Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi, O‘zbekistondagi xorijiy va xususiy oliygohlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 18-19-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, test sinovlari ikki kun davomida ikki smenada tashkil etadi. Birinchni smena imtihonlari soat 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchisiniki 15:00 dan 18:00 gacha davom etadi.
Test sinovlari ikkita mutaxassislik va uchta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi. Talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 30 tadan, majburiy fanlarda 10 tadan (jami 90 ta) test topshirig‘i va ularni ishlash hamda javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun uch soat vaqt beriladi.
Talabgor test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan olishi mumkin. Imtihon topshirish uchun binoga belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelish zarur.
O‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish ballari
2025/2026-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish ballari tasdiqlangan. Ballar o‘z tizimida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida shakllantirilgan.
Huquq yo‘nalishiga o‘qishni ko‘chirish uchun talabgor kamida 165 ball to‘plashi kerak. Bu boshqa barcha sohalar orasida eng yuqori o‘tish balli hisoblanadi. Bir yil ilgari mazkur yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirish uchun 140 ball yig‘ish so‘ralgan. Yaʼni 12 oy ichida imtihondan o‘tish ko‘rsatkichi 25 ballga oshgan.
Keyingi yuqori o‘tish balli sog‘liqni saqlash sohasidagi talabgorlar uchun bo‘lib, 129 ballni tashkil etadi (bir yil oldingidan o‘zgarmagan).
Eng past ballar veterinariya (60 ball), qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklari (70 balldan) sohalari bo‘yicha tasdiqlangan. Mazkur yo‘nalishlar uchun o‘tish ballari o‘tgan yilgi holida qoldirilgan.
Ijtimoiy fanlar yoki biznes bo‘yicha o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar kamida 105 ball to‘plashi kerak.
Taʼlim, tillar, atrof-muhit, matematik va statistika, ijtimoiy taʼminot sohalari bo‘yicha imtihonda minimum 94 ball yig‘ishi zarur.
Fizika, biologiya va umuman tabiiy fanlar sohalari bo‘yicha o‘qishini davlat oliygohlariga ko‘chirayotganlar kamida 80 ball olishi shart.
Izoh (0)