Seul markaziy okrug sudi Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Gon Xini korrupsiyada gumonlanib qamoqqa olishga qaror qildi. Bu haqda uning ishini yuritayotgan maxsus prokuror vakillari ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, prokuratura iltimosnomasi bo‘yicha tinglovlar 4 soatga yaqin davom etgan. Qamoqqa olishga dalillarni yo‘q qilish ehtimoli sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu respublika tarixida birinchi marta sobiq prezident rafiqasini qamoqqa olish uchun order berilishi hisoblanadi.
Kim Gon Xiga qarshi ish 16 banddan iborat bo‘lib, unga Deutsch Motors avtodilerining qimmatli qog‘ozlari bilan firibgarlik qilish, poraxo‘rlik, shuningdek, deputatlar sayloviga aralashish ayblari qo‘yilgan.
Sobiq prezident Yun Sok Yol aprel oyida mamlakatda nojoiz harbiy holat joriy etgani sabab prezidentlik lavozimidan chetlatilib, qamoqqa olingan edi. U mart oyida ozod etilgan bo‘lsa-da, dalillarni yo‘q qilishga uringanligi tufayli iyul oyida yana qayta hibsga olingan. Hozirda u isyon ko‘targanlik va boshqa og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sud qilinmoqda.
Tergovchilarning ma’lum qilishicha, o‘tgan hafta sobiq prezidentni rafiqasining ishi bo‘yicha so‘roq qilishga harakat qilingan, biroq u qamoqxona formasini yechib, ich kiyimda yerga yotib olib, qarshilik ko‘rsatgan. Hozirda prokurorlar Yunning advokatlari bilan muzokara olib bormoqda.
Yun va uning rafiqasi 2022-yilgi parlament saylovida ma’lum bir nomzodni ilgari surish uchun konservativ “Xalq qudrati” partiyasiga bosim o‘tkazganlikda gumon qilinmoqda. Tergovga ko‘ra, bu ishda saylov natijalarini o‘rganuvchi agentlik asoschisi Myon Te Gyun vositachilik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 3-dekabr kuni sobiq prezident Yun tarafidan e’lon qilingan harbiy holat bir necha soat ichida tugatilgan. 14-dekabr kuni parlament uni impichment qilib, aprel oyida esa Konstitutsiyaviy sud prezidentni rasman lavozimidan chetlatgan edi.
Izoh (0)