Indoneziya politsiya xodimlariga Pokemon Go mobil o‘yinini o‘ynash taqiqlandi. Taqiq vazifada bo‘lib turgan barcha politsiyachilarga qo‘llanmoqda, deb xabar beradi “Interfaks”.
“Politsiya ofitserlari o‘yinga o‘rganib qolishidan xavotirdamiz va buni xohlamaymiz. Politsiya xodimining vazifasi – xalq uchun xizmat qilish. Bu ish mehnatsevarlik va yuqori sergaklikni talab qiladi”, – deya tushuntirdi Indoneziya politsiya xizmati rahbariyati.
Mamlakat mudofaa vazirligida ham harbiylar uchun ushbu taqiqni qo‘llashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
“Josuslik faoliyati turli shaklda bo‘lishi mumkin”, – deb Pokemon Go o‘yini xavfsizlikka tahdid ekanini aytib o‘tdi Indoneziya mudofaa vaziri Ryamizard Ryachudu.
Pokemon Go Indoneziyada rasman ishga tushmagan bo‘lsa-da, mobil o‘yin mamlakatda shuhrat qozona boshladi.
Izoh (0)