Angliya chempionatining so‘nggi 38-turidan o‘rin olgan “Manchester Yunayted” – “Bornmut” uchrashuvi “Old Trafford”ning Shimoli-G‘arbiy qismidagi sektorlaridan birida topilgan shubhali paket tufayli o‘z vaqtida boshlanmadi. Bu haqda mankunianlarning Twitter’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Politsiya xodimlari stadionni ko‘zdan kechirib, muxlislarni evakuatsiya qilgan. Politsiya xizmatining tavsiyasiga ko‘ra, bugungi uchrashuv bekor qilindi va noma’lum muddatga qoldirildi.
“‘Manchester Yunayted’ – ‘Bornmut’ uchrashuvi stadionda shubhali buyum topilganidan so‘ng politsiya xizmatining tavsiyasiga ko‘ra qoldirildi. Muxlislar va stadion xodimlarining xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘ygan ‘Manchester Yunayted’ va Premyer-liga o‘yinni bekor qilgani to‘g‘ri ish bo‘ldi. Premyer-liga uchrashuvni o‘tkazish muddatini imkon qadar tez muhlatda belgilab, bu haqda muxlislarga ma’lum qiladi. Muxlislarga tug‘dirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan holda, uchrashuv ularning xavfsizligi uchun bekor qilinganini tushunadi, degan umiddamiz”, – deyiladi Premyer-liganing Twitter’dagi rasmiy sahifasida.
Qayd etish joiz, “Manchester Yunayted” – “Bornmut” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanishi rejalashtirilgan edi.
Izoh (0)