Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi uch qavatli savdo markazida yong‘in yuz berdi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, 4-avgust kuni soat 03:02 da “Bobotog‘” MFYda joylashgan uch qavatli savdo markazining birinchi va ikkinchi qavatlarida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 03:15 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 05:10 da o‘rab olinib, soat 07:30 da o‘chirilgan.
Yong‘inni bartaraf etishga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va ikkita suv tashuvchi mashina jalb etilgan.
Yong‘indan tan jarohati olganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.
Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan taqdim etilishini bildirdi.
Izoh (0)