Madridning “Real” futbol klubi Yevropa Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l oldi. Angliyaning “Manchester Siti” jamoasiga qarshi yarim final javob uchrashuvida Zidan shogirdlari 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona gol “Manchester Siti” yarim himoyachisi Fernando hisobiga avtogol sifatida yozildi — “Real Madrid” yarim himoyachisi Garet Beylning kuchli zarbasi Fernandoning oyog‘idan “tranzit” bo‘lib darvozaga borib tushdi.
O‘yinda Krishtianu Ronaldu gol urishga rosa harakat qildi va bir safar, to‘pga sakrab yeta olmasligi aniq bo‘lib qolganida, basketbolchasiga gol urib qo‘ya qoldi. Zidanning shimi esa bu safar yirtilmadi.
Endi “Real Madrid” Yevropa Chempionlar Ligasi finalida o‘z hamshahari — “Atletiko Madrid”ga qarshi bahs olib boradi. Final 28-may kuni Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tadi.