Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 6-tur bahslarida doirasida Qatarda “Lahviya”ga qarshi bahs olib borgan Toshkentning “Bunyodkor” klubi ustozi Sergey Lushchan o‘yin taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deya xabar bermoqda “Championat.asia” internet-nashri.
4-may kuni o‘tkazilgan “Lahviya” — “Bunyodkor” uchrashuvi 0:0 hisobi bilan yakuniga yetdi. “Bunyodkor” mazkur o‘yin arafasida keyingi bosqichga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lib ulgurgan edi, “Lahviya” esa “Bunyodkor”ga qarshi Toshkentda o‘tgan dastlabki o‘yindan keyin keyingi bosqich yo‘llanmasini rasmiylashtirib bo‘lgan edi.
“Yigitlarimiz ‘Lahviya’ga qarshi borini berib o‘ynadi, o‘yindan qoniqdim, shogirdlarimga rahmat aytaman. Bizda golli vaziyatlar ko‘p bo‘ldi, ammo ulardan foydalana olmadik. Yoshlarimiz bir o‘yinda 4—5 talab gol urayapti, ba’zan umuman gol ura olmayapti”, — dedi Sergey Lushchan.
“Osiyo Chempionlar Ligasi — juda katta musobaqa, unda futbolchilar, albatta, tajriba orttiradi. Tarkibimizdagi yosh futbolchilarni milliy terma jamoaning munosib va yetuk futbolchilari bo‘lib yetishishi uchun tarbiyalayapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Sergey Lushchan.