O‘zbekistonlik Sabina Sharipova Tunisning La-Marsa shahrida davom etayotgan, sovrin jamg‘armasi 25 ming dollardan iborat ITF turkumidagi Open de la Marsa tennis turnirining yakkalik bahslari chorak finalchisiga aylandi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, turnirning oltinchi raketkasi sifatida tasniflangan Sharipova yakkalik bahslari ikkinchi davrasida avstriyalik Juliya Graberga qarshi kortga chiqdi va 6:3, 6:4 hisobida zafar quchdi.
Taqqoslash uchun, Sabina Sharipova WTA reytingida 229, avstriyalik tennischi esa 334-pog‘onani egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi dastlabki davrada rossiyalik Mariya Marfutinani 5:7, 6:3, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Chorak finalda Sharipova fransiyalik Sherazad Reyksga qarshi bahs olib boradi.
Shuningdek, rossiyalik Viktoriya Kan bilan tandem hosil qilgan Sabina juftliklar bahsi chorak finalida turnirning birinchi raqamli juftligi – braziliyalik Laura Pigossi hamda chililik Daniela Seguelga qarshi kortga chiqib, 5:7, 6:3, 10:5 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi.
Bunga qadar Sharipova/Kan tandemi juftliklar bahsi ilk davrasida Darya Chernetsova (Belarus) hamda Dea Xerdzelas (Bosniya va Gersegovina) duetini 6:0, 6:3 hisobida taslim qilgandi. Yarim finalda Sharipova/Kan tandemi italiyalik Kristina Fernando va Anastasiya Grimalska dueti bilan kuch sinashadi.
Izoh (0)