Facebook’dagi “Maslahat.uz” guruhi foydalanuvchilari tomonidan shu guruhning qoraqalpog‘istonlik a’zosi, imkoniyati cheklangan Islom Tilepovga xayriya yordami berildi.
19-aprel kuni guruh a’zolaridan biri Sardor Mahkamov tashabbusi bilan yigitga nogironlik aravachasi olib berish uchun mablag‘ yig‘ish bo‘yicha e’lon berilgan. Naqd holatida, pul o‘tkazish, kartadan pul tushirish hamda Webmoney orqali xayriyalar qabul qilingan. E’lon joylashtirilganidan 3 kun o‘tib, aravacha uchun kerakli 4 million so‘m to‘plab bo‘lingan.
“Islom guruhimiz a’zosi, lekin u mendan shu ko‘rinishda post qoldirishni iltimos qilgani yo‘q. U buni bilmadi ham, men esa Islomni tanimayman”, — deya yozgan Sardor Mahkamov guruhda.
Guruhning yana bir a’zosi yordam ko‘rsatgan foydalanuvchilar ro‘yxati va yig‘ilgan pullar miqdorini keltirgan va “Endi arava kelishini kutamiz. Nasib etsa, tez kunda keladi. Islomjon orzusiga yetishiga oz vaqt koldi”, deya quvonchini bo‘lishgan.
Izoh (0)