Suriya Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Golan tepaliklari bo‘yicha bayonoti tufayli BMT Xavfsizlik Kengashiga hamda xalqaro tashkilot bosh kotibi Pan Gi Munga murojaat qildi. Bu haqda Suriya hukumatining Jeneva muzokaralaridagi delegatsiyasi rahbari, mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Bashar Ja’fariy Pan Gi Munning maxsus vakili Staffan de Mistura bilan o‘tkazilgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra bayonot berdi.
“Biz Xavfsizlik Kengashiga va BMT bosh kotibiga Netanyaxuning bayonoti munosabati bilan maktublar yo‘lladik”, — uning so‘zlarini keltiradi “TASS”.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17-aprel kuni Isroil bosh vaziri Golan tepaliklari hamisha yahudiy davlati nazorati ostida qolishini ta’kidlab o‘tdi.
Golan tepaliklari — Isroil va Suriya o‘rtasidagi bahsli hudud bo‘lib, u 1967-yildagi Olti kunlik urush mobaynida rasmiy Tel-Aviv tomonidan egallangandi. Unga qadar, 1944-yildan boshlab bu yerlar SARning al-Qunaytra viloyatiga kirar edi.
Izoh (0)