Sirdaryoda jazo muddatini o‘tayotgan shaxs qalbaki 150 ming dollar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Oqoltin tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro qalbaki 150 ming AQSH dollarini “shartli xaridor”ga haqiqiy 30 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur fuqaro JIB Yangiyer shahar sudining 2024-yil dekabr oyidagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168 va 176-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 1-yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va hozirda jazo o‘tayotgan shaxs hisoblanadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olgani maʼlum bo‘ldi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida bojxona postlaridan birining rahbari pora bilan ushlangani to‘g‘risida xabar qilingandi.
Izoh (0)