Avstraliyalik adiba Xelen Garner 150 ming dollar miqdoridagi Uindxem-Kempbell adabiy mukofotiga sazovor bo‘lgani haqidagi elektron xabarni spam o‘rnida qabul qildi. Bu haqda Meduza ma’lum qildi.
Garnerning aytishicha, Yel universitetidagi noma’lum kishidan kelgan “yaxshi yangilik” haqida xabarga ishonqiramay qaragan va u keraksiz xabarlar pochtasidan o‘rin olgan. G‘olib chiqqanligiga esa noshiri bilan bog‘langanidan keyingina ishongan.
Mukofotga sazovor bo‘lgan boshqa yozuvchilar ham mazkur yangilikka darrov ishonmagan. Kanadalik dramaturg Xanna Moskovich avtojavob qurilmasida qoldirilgan xabarni o‘tkazib yuborishiga sal qolgan. Irlandiyalik muallif Ebbi Spellen esa buni laqillatish sifatida qabul qilgan.
Uindxem-Kempbell adabiy mukofoti har yili ingliz tilida yozuvchi to‘qqiz nafar muallifga taqdim etiladi. Boshqa aksar mukofotlardan farqli ravishda, unga talabnoma berish shart emas, shu bois mualliflar mukofotga da’vogar bo‘lganini hatto bilmaydi ham.
Izoh (0)