“Yabloko” partiyasi Moskvada bo‘lib o‘tgan syezdida Grigoriy Yavlinskiy nomzodini Rossiya prezidentligiga ilgari surdi. Uning saylovlarda ishtirokini 135 nafar qatnashchi ma’qulladi, bir kishi qarshi chiqdi, deya xabar beradi Meduza.
Yavlinskiy saylovlarda demokratik kuchlarni birlashtirish uchun harakat qilishga va’da berdi, biroq Mixail Xodorkovskiy bilan hamkorlikdan bosh tortdi va bunga “bizning siyosiy qarashlarimiz turlicha” deya izoh berdi.
Siyosatchi o‘zining saylovoldi dasturida “inson or-nomusi va qadr-qimmatini himoya qilish”ga urg‘u berishini ma’lum qilgan. “Islohotlar ko‘pchilik uchun, fuqarolar uchun bo‘lishi lozim, bizning vazifamiz shundan iborat”, — deya ta’kidlagan Yavlinskiy.
Ma’lumot uchun, “Yabloko” partiyasi asoschisi Grigoriy Yavlinskiy nomzodi 1996 va 2000-yillarda ham prezidentlik saylovlarida ilgari surilgan va ularda tegishli ravishda to‘rtinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egallagan.
Izoh (0)