Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Yevroittifoq bilan vizalarning bekor qilinishi Qrimni qaytarib olish va Donbass ustidan nazoratni qayta tiklash bo‘yicha strategiyaning bir qismiga aylanishini aytdi, deb yozadi Meduza. “Bu qrimliklar uchun motivatsiya yaratishdir”, — dedi Ukraina prezidenti.
Poroshenko so‘zlariga ko‘ra, vizalar bekor qilinganidan so‘ng tanlov paydo bo‘ladi: “Ukrainadagi erkinlik va demokratik hayot” yoki “bosib olingan Qrimda sayohat qilish huquqisiz hamda juda ko‘p korxonalar yopilgani tufayli cheklangan ish imkoniyatlari sharoitidagi hayot”.
Poroshenko ishontirishicha, “vaqtinchalik bosib olingan hududlar” ustidan Ukraina suvereniteti tiklangach, Qrim va Donbassning barcha fuqarolari Yevroittifoqqa vizasiz safar qilish uchun zarur bo‘lgan biometrik pasportlarga ega bo‘lishi mumkin.
Nashr eslatishicha, 18-dekabr kuni Yevrokomissiya Ukraina va Yevroittifoq o‘rtasidagi viza rejimi bekor qilinishi uchun shartlar bajarilishi bo‘yicha hisobotni ma’qulladi. Unda aytilishicha, Ukraina ilgari surilgan talablarning barchasini amalga oshirgan.
Izoh (0)