Sharm-ash-Shayx — Sankt-Peterburg reysi samolyoti aviahalokatida qurbon bo‘lgan yo‘lovchilarning ilk jasadlari Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi samolyoti bilan Sankt-Peterburgning “Pulkovo” aerportiga olib kelindi, deya xabar bermoqda “TASS”.
2-noyabr, dushanba kuni tongda jasadlar shaxsini ularning qarindoshlari yordamida aniqlash jarayoni boshlangan. Bundan tashqari, “Ingosstrax” sug‘urta kompaniyasi halok bo‘lganlarning qarindoshlaridan arizalarni qabul qilishni boshlaydi.
Bundan tashqari, Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko ma’lum qilganidek, 2-noyabr, dushanba kuni qurbonlarning qarindoshlariga kompensatsiyalar to‘lash haqidagi hujjatlar imzolanadi. Kompensatsiya pullari qaysi viloyat, qaysi mamlakatda istiqomat qilganidan qat’iy nazar, samolyotda bo‘lgan barcha qurbonlar uchun to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, 31-oktabr, shanba kuni Rossiyaning Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasiga tegishli, Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus A321 layneri Misrning Shimoliy Sinay viloyati El-Arish shahri yaqinida quladi. Samolyotda jami 224 kishi — 217 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Misr hukumati bayonotiga ko‘ra, samolyot halokati oqibatida bort ichida bo‘lganlarning hech biri omon qolmagan. Samolyotning aksariyat yo‘lovchilari Rossiya fuqarolari edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Misrda qulagan samolyot ichida 132 nafar peterburglik, Leningrad viloyatida istiqomat qiluvchi 46 kishi, Rossiyaning boshqa hududlarida yashovchi 34 fuqaro, shuningdek, to‘rt nafar ukrainalik va bir belaruslik bo‘lgan.
Izoh (0)