Rossiya telekanallari Misrda dam olayotgan rossiyalik sayyohlarning suratlarini xatolik sabab Sinay yarimorolida qulagan A321 samolyotida halok bo‘lganlarning so‘nggi kadrlari sifatida ko‘rsatdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Bu haqda telekanallar orqali namoyish etilgan fotosuratlar muallifi Yuliya Kostyanitsa Instagram’dagi o‘z sahifasida ma’lum qildi, u o‘z xabariga efirlardan olingan skrinshotlarni ham ilova qilgan.
“Biz tirikmiz! Bu surat olinganiga bir hafta bo‘ldi!”, — deb yozadi u o‘z sahifasida. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, tirik sayyohlarning suratlari Rossiyaning “Birinchi kanali”, “Rossiya 1”, “NTV” telekanallari efirida, shuningdek, boshqa bir qator OAVlarda halok bo‘lganlarning so‘nggi lahzalari sifatida ko‘rsatilgan.
Kostyanitsaning qayd etishicha, u bu haqda barcha telekanallarga murojaat qilgan, biroq ularning hech biri bunga javob bermagan.
Eslatib o‘tamiz, 31-oktabr, shanba kuni Misrda Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus A321 layneri halokatga uchradi. Samolyot bortida bo‘lgan 224 kishining barchasi halok bo‘ldi. Aviahalokatga texnik nosozliklar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)