Tayvanlik ayol AQShga uchayotgan samolyot bortida bola tug‘gani uchun jarimaga tortilishi mumkin. Associated Press xabariga ko‘ra, uchuvchilar chaqaloqning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Alyaskadagi aeroportlardan biriga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Tayvan matbuoti xabarlariga ko‘ra, ayol taxminan 33 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. China Airlines aviakompaniyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sug‘urtachi hozircha hisob-kitoblarni yakuniga yetkazmagan.
Xabar berishlaricha, ayol farzandining Amerika fuqaroligini olishini xohlagan va parvoz davomida muntazam ravishda layner AQSh havo bo‘shlig‘iga kirgan-kirmaganligini so‘rab turgan.
Alyaska ijtimoiy xizmat ko‘rsatish departamenti boshlig‘i Syuzan Morganning so‘zlariga ko‘ra, samolyot chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng birinchi bo‘lib AQSh aeroportiga qo‘ngan, shu sababli ham unga AQSh fuqaroligi beriladi.
“Bu, birgina uning farzandi AQSh fuqaroligini qo‘lga kiritishi uchun amalga oshirilgan xudbinona qilmishdir. U boshqa yo‘lovchilarning parvoziga xalal berdi, shuning uchun ham jazoga loyiq emasmi?”, — deya vaziyatga izoh bergan Tayvandagi hukmron partiya vakili Lo Shu-Ley.
Jahonda fuqarolikni qo‘lga kiritishning ikki asosiy tamoyili — “qon tamoyili” va “tuproq tamoyili” mavjud. AQShda amal qiluvchi “tuproq tamoyili”ga muvofiq, mamlakat hududida tug‘ilgan chaqaloq AQSh fuqaroligini oladi.
Izoh (0)